Farg‘onada meva-sabzavot eksportini 500 mln dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

© Sputnik / Baxrom XatamovGilos, arxiv surat
Gilos, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.04.2026
Obuna bo‘lish
Farg‘ona viloyatida paxta-g‘alla maydonlari qisqartirilib, super intensiv bog‘lar va eksportbop meva-sabzavot plantatsiyalari tashkil etiladi.
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatidagi yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, inflyatsiya va oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqarorlashtirish masalalariga ham to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, birinchi chorak yakunida Farg‘onada inflyatsiya yillik hisobda 7,5 foizgacha pasaygan. Viloyatda inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi iste’mol savatidagi 517 xil tovar va xizmatning 480 tasi mahalliy ishlab chiqariladi.
Viloyatda 370 ming gektar sug‘oriladigan yer, 55 ming gektar bog‘ va tokzor hamda 37 ming gektar qir va adirlar mavjud. Shu bilan birga, 5,5 ming gektar bog‘ va tokzor eskirgan, 6 ming gektar dasht va adir yerlari bo‘sh yotibdi. Bu qo‘shimcha 300 ming tonna meva-sabzavot va 2 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish zaxirasi ekani ta’kidlandi.
“Quva Agrostar” agromajmuasi tajribasi asosida dehqonlarni o‘qitish, in-vitro ko‘chatlar bilan ta’minlash, kichik sexlar qurish va tayyor mahsulot eksportiga ko‘maklashish amaliyotini barcha tumanlarda joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Farg‘ona, Yozyovon, Quva va O‘zbekiston tumanlarida 7,4 ming gektar paxta-g‘alla maydoni qisqartirilib, ular o‘rnida o‘rik, olxo‘ri, bodom, malina, eksportbop gilos va sholi plantatsiyalari tashkil etiladi.
Yozyovonda sholichilik maktabini ishga tushirish va 100 gektar ko‘lning suv yuzasida kassetali usulda organik sholi yetishtirishni sinovdan o‘tkazish topshirildi.
Viloyatdagi 50 ming gektar kam hosilli paxta va g‘alla yerlari hamda samarasi past bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Birinchi bosqichda 10 ming gektar sanoatlashgan super intensiv bog‘ barpo etish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos tayyorlanadi.
Farg‘ona tumanida malina yetishtiruvchi dehqonlar uchun 10 ta mahallada 50-100 tonnalik kichik omborxonalar qurilib, imtiyozli lizing asosida beriladi.
Joriy yilda Farg‘ona viloyatida 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot va 119 ming tonna sholi yetishtirish, meva-sabzavot eksportini 25 foizga oshirib, 500 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.
Prezident provel soveshanie po rezultativnosti provodimix reform v Sirdarinskoy oblasti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.03.2026
Xitoyga o‘xshagan hudud, yangi suv ombori, “aqlli qishloq”: Sirdaryoda bu yil nimalar o‘zgaradi
Yangiliklar lentasi
0