Toshkentda bo‘lajak atomchilarning qishki maktabi qanday o‘tmoqda?
11:28 26.03.2026 (yangilandi: 11:36 26.03.2026)
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Loyihaning asosiy maqsadi yoshlarda atom sohasi va muhandislik-texnika kasblariga qiziqish uyg‘otish, ilmiy hamda tanqidiy tafakkurni rivojlantirish, o‘quvchilarni erta kasbga yo‘naltirishdan iborat.
TOShKENT, 26 mar – Sputnik. Toshkentdagi Toshkentdagi "Moskva muhandislik-fizika instituti" Milliy tadqiqot yadro universiteti ("MMFI" MTAU) filialida bo‘lajak atom mutaxassislari uchun ilk bor “O‘zbekiston atom tarmog‘ining yosh avlodi” nomli qishki maktab o‘tkazilmoqda. Loyiha “O‘zatom” agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Dastlabki bosqichning o‘zida ishtirok etish uchun 650 tadan ortiq ariza topshirildi. Natijada 10-11-sinf o‘quvchilari va texnikum bitiruvchilari orasidan 42 nafar ishtirokchi tanlab olindi. Ularning barchasi qat’iy tanlovdan o‘tdi: komissiya nomzodlarning o‘zlashtirish darajasi, olimpiadalardagi ishtiroki, yutuqlari va rag‘batlantiruvchi xatlarini baholadi.
"MMFI" MTAU filiali ijrochi direktori Shavkat Abdukamilovning ta’kidlashicha, loyihaning asosiy vazifasi maktab o‘quvchilarida ilm-fan va muhandislik yo‘nalishlariga qiziqish uyg‘otishdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tashabbuslarning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatda bugun yuz berayotgan jarayonlar bilan bevosita bog‘liq.
“O‘zbekiston hozir katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi, mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda. Bunday yuqori texnologiyalar yangi darajadagi mutaxassislarni talab etadi va yangicha xavfsizlik madaniyatini shakllantiradi”, — dedi u.
Shu bois ham, Abdukamilov ta’kidlaganidek, bo‘lajak abituriyentlar bilan ishlashni maktab davridanoq, jumladan, qishki maktab kabi formatlar orqali boshlash muhim.
Bu yerda mashg‘ulotlar rus va o‘zbek tillarida interaktiv tarzda olib boriladi. Hafta davomida o‘quvchilar fizika, muhandislik va yadro texnologiyalari asoslarini o‘zlashtiradi, laboratoriyalarda ishlaydi hamda filial o‘qituvchilarining ma’ruzalarini tinglashadi.
“Bu yerda o‘quvchilar filialda bo‘lib, muhandislar qanday shakllanishini, ushbu sohani tanlaganlar qanday ko‘nikma va fanlarni o‘rganishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi”, — deydi qishki maktab rahbari, “Yadro fizikasi va energetikasi”kafedrasi o‘qituvchisi Saodat Shovdirova.
Qishki maktab dasturidan nafaqat ma’ruzalar va laboratoriya mashg‘ulotlari, balki ilmiy obyektlarga sayohatlar ham o‘rin olgan. O‘quvchilar yadro reaktorining tuzilishi bilan tanishadi, emotsional intellekt, loyihaviy ish va taqdimot ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha treninglarda ishtirok etadilar. Ishtirokchilaruchun sport tadbirlari, intellektual o‘yinlar, filial bo‘ylab ekskursiya hamda Atom texnologiyalari axborot markaziga tashrif buyurish rejalashtirilgan.
Qishki maktabda STEM-kompetensiyalarni rivojlantirish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida atom texnologiyalarining o‘rnini tushunishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maktab ishtirokchilaridan biri Irek Tursunovning tan olishicha, o‘qishgakirish oson bo‘lmagan. U fizika, matematika va boshqa fanlardagi kuchli tomonlarini ko‘rsatish uchun motivatsion xat yozishga astoydil harakat qilganini aytadi. Irek qishki maktabdagi ta’limni kelajakdagi kasbiga qo‘yilgan qadam deb biladi.
“MMFI” MTAU filiali O‘zbekistonda kelgusida ta’lim olish va ishlash, jumladan, sanoatda, atom elektr stansiyasida ishlash uchun juda ko‘p imkoniyat va istiqbollar yaratadi. Qishki maktabga esa ushbu filialga kirish uchun kerakbo‘lgan boshlang‘ich bilimlarni egallash va dunyoqarashimni kengaytirish maqsadida o‘qishga kirdim”, — deydi u.
Maktab ishtirokchisi Alina Umarova loyiha haqida ijtimoiy tarmoqlardan bilib, darhol hujjat topshirishga qaror qilgan.
“Men akademik ma’lumotnomamni yig‘dim, sertifikatlarimni ilova qildim va motivatsion xat yozdim. Saralash bir nechta mezon asosida bo‘ldi — ham o‘zlashtirishga, ham yutuqlarga qarashdi. Omadim kelib, shu yerga qabul qilindim”, — deydi u.
Qizning so‘zlariga ko‘ra, maktab nafaqat o‘qish, balki muhit hamdir.
“Shunday aqlli va yoqimli insonlar davrasiga tushib qolganimdan hamda ular bilan tez til topishganimdan juda xursandman. Biz ko‘p vaqtimizni birga o‘tkazamiz va ularning shaxsiy hayoti, yutuqlari kabi turli mavzularda suhbatlashish juda qiziqarli”, — deya qo‘shimcha qiladi u.
Qishki maktab xalqaro muhandislik-fizika olimpiadasi bilan yakunlanadi. G‘olib va sovrindorlar Toshkent shahridagi “MMFI” MTAUga o‘qishga kirishda imtiyozlarga ega bo‘lishadi. Keyinchalik iqtidorli o‘quvchilarni imkon qadar ko‘proq qamrab olish maqsadida mamlakatning barcha hududlarida ham shunday olimpiada o‘tkaziladi.
