Elektron retsept tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi - SSV
10:35 15.12.2025 (yangilandi: 10:38 15.12.2025)

© Sputnik / Konstantin Mixalchevskiy
/ Obuna bo‘lish
Antibiotik, sintetik antibakterial preparat va gormonal dorilar uchun retseptlar majburiy bo‘ladi. Qog‘oz retseptlar bilan sotishga vaqtincha ruxsat beriladi.
TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov hududida bosqichma-bosqich joriy etilayotgan “Elektron retsept” tizimi yuzasidan uchrashuvda tibbiyot xodimlari tajribasi va bemorlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda tartib-taomillarni takomillashtirish takliflari muhokama qilindi.
Mutaxassislar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun SSV huzurida Ekspertlar kengashi tashkil etildi. Kengashning ochiq yig‘ilishlari har juma kuni o‘tkaziladi.
Tushuntirilishicha:
retsept (shu jumladan elektron retsept) yozish faqat shifokor vakolatiga kiradi;
dori tibbiyot muassasasida mavjud bo‘lmasa, shifokor retsept yozadi, ma’lumotlarni tizimga dorixona farmatsevti kiritadi;
dorilar elektron retsept, QR-kod yoki JShShIR asosida beriladi;
chet el fuqarolari davlat tibbiyot muassasalarida umumiy tartibda ro‘yxatdan o‘tib elektron retsept olishi mumkin.
Aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1003 qisqa raqamli tunu kun ishlaydigan Call-markaz faoliyat yuritmoqda.
Yotoq rejimidagi va surunkali kasallikka chalingan bemorlar oilaviy shifokoriga telefon orqali murojaat qilishi, raqamni bilmasa, Call-markaz orqali yordam olishi mumkin.
Muhokamalar yakunida Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i qabul qilindi. Unga ko‘ra:
1.
Toshkent shahri va 15 ta hududda elektron retseptlar xalqaro patentlanmagan nomlar asosida rasmiylashtiriladi;2.
Texnik imkoniyat bo‘lsa, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari DMED tizimiga bepul ulanadi va vazirlik platformasiga integratsiya qilinadi;3.
Elektron retsept asosida beriladigan dori vositalari ro‘yxati Ekspertlar kengashi tomonidan bosqichma-bosqich tasdiqlanadi;4.
Antibiotiklar, sintetik antibakterial va gormonal preparatlar uchun elektron retsept majburiy bo‘lgan birinchi bosqich belgilanadi;5.
Shifokorning elektron retsept yozish vakolatlari va farmatsevt tomonidan ma’lumot kiritishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi;6.
Dorixonalarda retseptli dori vositalari elektron retsept (JShShIR orqali ham) asosida beriladi, tizim to‘liq joriy etilgunga qadar va favqulodda holatlarda qog‘oz retsept saqlanadi;7.
Elektron retsepti bo‘lmagan holda farmatsevt JShShIR orqali tizimdan retseptni ko‘rib, dori berish huquqiga ega bo‘ladi;8.
O‘zbekiston va chet el fuqarolarining tibbiy yordam va dori olish huquqlari, shu jumladan, shoshilinch holatlarda ta’minlanadi;9.
Doimiy tushuntirish va qayta aloqa, jumladan 1003 Call-markaz orqali masofaviy murojaat orqali retsept olish, patronaj xizmati yo‘lga qo‘yiladi;10.
Surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga:60 kungacha — muayan toifadagi dori vositalari uchun;
90 kungacha — boshqa dori vositalari uchun (reimbursatsiyada 30 kungacha) retsept yozish tartibi belgilanadi.
Bu hollarda elektron retsept va QR-kod amal qilish muddati davolash kursiga muvofiq uzaytiriladi.
Bu hollarda elektron retsept va QR-kod amal qilish muddati davolash kursiga muvofiq uzaytiriladi.
SSVning qayd etishicha, "Elektron retsept" tizimi, eng avvalo, davolash xavfsizligini oshirish, dori vositalarini tayinlashda mas’uliyatni kuchaytirish va ularning aylanmasini tartibga solishga qaratilgan.
"Ushbu tizim doimiy monitoring asosida fuqarolar va tibbiyot xodimlarining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etilmoqda", — deyiladi xabarda.
