Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash choralari belgilandi: Prezident farmoni imzolandi
12:09 25.11.2025 (yangilandi: 15:46 25.11.2025)

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Farmon Toshkentda qurilish maydonlarida ko‘kalamzorlashtirishni kuchaytirish, “Yashil Toshkent” loyihalarini joriy etish, shuningdek, ekologik xavfi yuqori obyektlarga cheklovlarni nazarda tutadi.
TOShKENT, 25 noya – Sputnik. Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar amalga oshiriladi. Prezident tomonidan tegishli farmon imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-martga qadar poytaxtda ekologik xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan kompleks tadbirlar amalga oshiriladi hamda maxsus komissiya tuziladi.
Maxsus komissiyaga quyidagi vakolatlar beriladi, jumladan:
tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish;
transportlar harakatini cheklash;
salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxona va boshqa obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish;
ekologik ta’siri yuqori sanoat obyektlarini Toshkentdan boshqa hududlarga ko‘chirishni belgilash;
qurilish ishlariga cheklov va talablar joriy etish, xususan changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatishni majburiy qilish.
Komissiya qurilish uchun ajratilgan 500 m² va undan ortiq maydonlarni kompleks tekshiruvdan o‘tkazadi. Talablar quyidagilardan iborat:
maydonning kamida 25% qismi ko‘kalamzorlashtirilgan bo‘lishi;
suv purkagichlar o‘rnatilgan bo‘lishi;
kirish-chiqish yo‘laklarida avtotransport g‘ildiraklarini yuvish hovuzlari bo‘lishi;
qurilish materiallari va chiqindilar transportda maxsus tent bilan yopilgan holda tashilishi.
Shuningdek, 1 000 m² dan katta qurilish uchastkalarini “Yashil” fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va ularni Ekologiya qo‘mitasi tizimiga ulash — qurilishni davom ettirishning asosiy sharti qilib belgilanadi.
Shaxsiy hovlilardagi daraxt va o‘simliklarni sug‘orish uchun ichimlik suvidan foydalanishga qo‘yilgan cheklov (00:00–05:00) bahor va yozda bekor qilinadi. Shu bilan birga:
ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish cheklovi saqlanadi;
ko‘p kvartirali uylarda sug‘orish uchun maxsus suv rezervuarlari o‘rnatiladi.
Farmonga muvofiq, havodagi PM 2.5 zarralarini chuqur o‘rganish uchun maxsus laboratoriya tashkil etiladi. Bu ifloslanish manbalarini aniqlash va choralar ko‘rishni tezlashtiradi.
2026 yil bahor va kuz mavsumlarida Toshkentning 33 km uzunlikdagi kichik halqa yo‘li bo‘ylab “Yashil koridor” barpo etiladi.
2026 yil 1-aprelgacha “Yashil Toshkent” master rejasi ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, poytaxtning barcha tumanlarida “yashillik” darajasi past bo‘lgan kamida uchta ko‘cha tanlanib, har biri 5 kmdan kam bo‘lmagan “Soyali sayr ko‘chalari” tashkil qilinadi.
Fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalarini O‘zbekistonga olib kirishda bojxona boji to‘liq bekor qilinadi.
