Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi

© Getty Images / Justin Setterfield Fabio Kannavaro
 Fabio Kannavaro - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.10.2025
Obuna bo‘lish
Italiyalik murabbiy jamoamizni AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorlaydi.
TOShKENT, 3 okt – Sputnik. 2006-yilgi jahon chempionati g‘olibi va "Oltin to‘p" sohibi Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

"O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 3 karra jahon chempionati ishtirokchisi, 2006-yilgi jahon chempionati g‘olibi, yaqin o‘tmishning eng yaxshi himoyachilaridan biri, taniqli mutaxassis — Fabio Kannavaro bilan shartnoma tuzdi. Italiyalik murabbiy jamoamizni AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorlaydi", - deyilgan xabarda.

Hozirgacha O‘zbekiston terma jamoasini Timur Kapadze boshqarib kelayotgan edi. Uning boshchiligida jamoa Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) tomonidan tashkil etilgan CAFA Nations Cup 2025 turnirida chempion bo‘ldi.
Fabio Kannavaro — italiyalik mashhur futbolchi va murabbiy. 1973-yil Neapolda tug‘ilgan sportchi tarixdagi eng yaxshi himoyachilardan biri sanaladi. U 2006-yil Germaniyada o‘tgan jahon chempionatida Italiya terma jamoasi sardori sifatida chempionlikni qo‘lga kiritgan va shu yili u "Oltin to‘p" sohibi bo‘lgan. Klub faoliyatida "Parma", "Inter", "Yuventus", "Real Madrid" kabi klublarda to‘p surgan. 2011-yilda faoliyatini yakunlagan.
U murabbiylik faoliyatini Osiyoda boshladi: dastlab Xitoyning "Guanchjou Evergrand" va "Tanszin Tanxay" klublarini (u yerda Xitoy Super ligasini va "Yilning eng yaxshi murabbiyi" sovrinini qo‘lga kiritgan), keyin esa "Al Nasr"ni boshqardi. Kannavaro, shuningdek, qisqa muddat Xitoy terma jamoasi murabbiyi sifatida ham ishladi va shundan so‘ng Italiyaga qaytdi. Avvaliga "Benevento", so‘ng "Udineze"ga ustozlik qildi. Uning so‘nggi ish manzili Zagrebning "Dinamo"si bo‘lib turibdi.
 Fabio Kannavaro - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.10.2025
Fabio Kannavaro O‘zbekiston jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishi haqida nimalar ma’lum
Yangiliklar lentasi
0