OIIB Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘llar ta’miriga 173,48 mln dollarlik kredit ma’qulladi

© Goskomitet po avtomobilnim dorogamRemont dorog
Remont dorog  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.09.2025
Obuna bo‘lish
Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonda umumiy uzunligi 414 kilometr bo‘lgan 28 ta yo‘l uchastkasi, shuningdek, Xorazmda umumiy uzunligi 233 kilometr bo‘lgan 21 ta yo‘l uchastkasi ta’mirlanadi.
TOShKENT, 3 sen – Sputnik. Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) Qoraqalpog‘istonning 14 va Xorazmning 10 tumanidagi 647 km yo‘lni ta’mirlash uchun 173,48 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank o‘z rasmiy saytida ma’lumot berdi.

OIIB ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tashabbus mahalliy yo‘llarni xalqaro va mintaqaviy yo‘l tarmoqlariga bog‘lash orqali aholi punktlari o‘rtasidagi transport qulayligini oshirishga qaratilgan. Bu esa aholining ijtimoiy xizmatlardan kengroq foydalanishiga sharoit yaratadi hamda hududlarda iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi ko‘plab mintaqaviy yo‘llar 1950–1960-yillarda qurilgan bo‘lib, uzoq yillar davomida yetarli e’tibor berilmagan. Natijada yo‘llarga xizmat ko‘rsatish sustlashgan va ta’mirlanmagan yo‘llar hajmi ortib borgan.
Rekonstruksiya ishlari doirasida iqlimga chidamli yo‘l qoplamasi tiklanadi, ko‘priklar ta’mirlanib, ayrim joylarda yangidan quriladi. Shuningdek, drenaj tizimini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligi vositalarini o‘rnatish va avtobus bekatlarini jihozlash rejalashtirilgan. Zarur hollarda piyodalar xavfsizligi uchun yo‘laklar ham quriladi.
Yo‘llarni ta’mirlash ishlari mavjud yo‘llar doirasida amalga oshiriladi, ularning kengligi saqlab qolinadi. Yangi yo‘llar qurish yoki mavjudlarini kengaytirish rejalashtirilmagan.
Bank loyihaning borishini nazorat qilish maqsadida har yili hududlarga tashrif buyurib monitoring olib boradi. Zarurat tug‘ilgan hollarda, ayniqsa dastlabki yillarda, qo‘shimcha tekshiruv tashriflari ham tashkil etilishi mumkin.
Ukladku asfalta  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.08.2025
OTB O‘zbekiston yo‘llarini yangilash uchun $233 mln ajratdi
Yangiliklar lentasi
0