“ShHT plyus”: Mirziyoyev qanday tashabbuslarni bildirdi
17:13 01.09.2025 (yangilandi: 18:13 01.09.2025)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev har yili “ShHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazishni taklif qildi. Birinchi forumni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazish mumkin.
TOShKENT, 1 sen – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisda nutq so‘zlab, qator tashabbuslarni bildirdi.
O‘zbekiston rahbari hamkorlik borasidagi eng muhim vazifalarga to‘xtalib, quyidagi takliflarni berdi:
ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bazasida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz, shuningdek, Dushanbeda Narkotiklarga qarshi kurashish markazi tashkil etilganini olqishlaymiz.
Kelgusi yili Toshkentda mamlakatlarimizning vakolatli organlari rahbarlari, yetakchi ekspert va tadqiqotchilar ishtirokida birinchi “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plyus muloqoti”ni o‘tkazishni taklif qilaman.
Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash va u bilan mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish maqsadida ShHTdagi sheriklarimiz bilan keng ko‘lamli hamkorlikka tayyormiz.
Biznes sohasidagi muloqotlar uchun samarali maydonni ishga tushirish maqsadida, barcha manfaatdor sheriklarimizni jalb etgan holda, har yili “ShHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazishni taklif etaman. Birinchi forumni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz.
Yangi g‘oyalarni generatsiya qilish, ilg‘or tashabbuslarni ishlab chiqish va texnologiyalar transferi uchun ShHT innovatsion-texnologik xablar tarmog‘ini yaratishni amaliy qadam sifatida taklif etamiz.
“ShHT oilasi” madaniy rang-barangligi va boy qadriyatlarini ilgari surishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadigan Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqotini ta’sis etishni taklif qilaman.
“Ishonchim komil, "ShHT plyus" formatidagi ushbu sammitning sermahsul natijalari barqarorlikni yanada mustahkamlash, ko‘pqirrali sheriklikni kengaytirish, barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi”, - deya xulosa qildi Mirziyoyev.
ShHT sammiti Xitoyning Tanszin shahrida 31-avgust-1 sentabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 tadan ziyod xorijiy davlat yetakchilari qatnashmoqda.
Hozirda ShHT 10 ta a’zo davlatni (Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston) birlashtiradi. Shuningdek, ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega 2 ta davlat (Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston) va 14 ta muloqot bo‘yicha hamkor (Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Kuvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka) mavjud. Tanszindagi sammitda kuzatuvchi maqomi sheriklarga o‘zgartirildi. Sammitda Laos sherik sifatida qabul qilindi. Shu tariqa ShHT sheriklari soni 17 taga yetdi.
