Mirziyoyev ShHT sammitida qanday takliflarni ilgari surdi
11:32 01.09.2025 (yangilandi: 11:34 01.09.2025)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston yetakchisi ShHT sammitida Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha ShHT deklaratsiyasini qabul qilishni taklif qildi.
TOShKENT, 1 sen – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zlab, qator tashabbuslarni ilgari surdi.
“Biz Tashkilotning izchil kengayishi tarafdorimiz. Chunki “ShHT modeli”ning muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng ko‘lamli hamkorlikka yo‘naltirilganidadir. Biz o‘z kelajagini ShHT bilan bog‘liq holda ko‘rayotgan davlatlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, - dedi Mirziyoyev o‘z nutqida.
O‘zbekiston rahbari bergan takliflar:
Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha ShHT deklaratsiyasini qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Ushbu deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanadi.
Terrorizm va ekstremizmga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030-yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.
ShHT makonida mintaqaviy ichki mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga turtki beradigan Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitim imzolanishini muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
“ShHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi qator yangi ko‘p tomonlama platformalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini tashkil etishni taklif qilaman.
ShHT doirasida minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida Strategik materiallar bo‘yicha ShHT mintaqaviy markazi tashkil etishni taklif etamiz;
Mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish muhim. Ushbu masalani vakolatli vazirlar darajasida yana bir bor ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Biz “ShHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Bu yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yo‘laklar yaratishni nazarda tutadi. Bu borada tegishli ko‘p tomonlama konsepsiyani ishlab chiqishni taklif etamiz.
“Sayyohlik yo‘lagi” va ShHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishni taklif etamiz.
“Nutqimning yakunida bugun qabul qilinayotgan Tanszin deklaratsiyasi, ShHTni 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi va boshqa yakuniy hujjatlar ko‘pqirrali hamkorligimizni kengaytirish va zamonaviy tahdidlarga samarali yechimlar topishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonch bildiraman. Biz ShHT doirasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy vazifalarni hal qilish uchun ishlarni birgalikda davom ettirishga tayyormiz”, - deya xulosa qildi Mirziyoyev.
ShHT sammiti Xitoyning Tanszin shahrida 31-avgust-1 sentabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 tadan ziyod xorijiy davlat yetakchilari qatnashmoqda.
Hozirda ShHT 10 ta a’zo davlatni (Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston) birlashtiradi. Shuningdek, ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega 2 ta davlat (Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston) va 14 ta muloqot bo‘yicha hamkor (Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Kuvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka) mavjud.
