Mirziyoyev temir yo‘l transporti xodimlarini tabrikladi
11:45 02.08.2025 (yangilandi: 11:46 02.08.2025)

© Sherzod Asadov/Telegram
Obuna bo‘lish
Prezident O‘zbekiston temir yo‘llari faoliyati tubdan takomillashtirilib, sohada muhim loyiha va dasturlar hayotga joriy etilayotganini ta’kidlagan.
TOShKENT, 2 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l transporti xodimlarini tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Avvalo, siz, azizlarni – ming-minglab zahmatkash yo‘lsoz, quruvchi va muhandislar, energetik va aloqachilar, mashinist va vagon kuzatuvchilarini, sohaning barcha ishchi-xizmatchilari va faxriylarini bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan barpo etilayotgan yangi temir yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, stansiya va vokzallar, aholi va tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish, mamlakatimiz tranzit salohiyatini oshirish, iqtisodiyotimiz tarmoqlari va ijtimoiy obyektlarning bir maromda ishlashini ta’minlashda, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyatga ega”, - deyiladi tabrikda.
Prezident O‘zbekiston temir yo‘llari faoliyati tubdan takomillashtirilib, sohada muhim loyiha va dasturlar hayotga joriy etilayotganini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, qisqa muddatda 3 ming 800 kilometrdan ziyod temir yo‘l elektrlashtirilib, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘li qurib bitkazilgani, lokomotiv parki zamonaviy texnikalar bilan to‘ldirib borilayotgani shu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamidan dalolat beradi.
“Eng muhimi, bunday sa’y-harakatlarimiz uzviy va davomli bo‘lib, buning tasdig‘ini Toshkent – Urganch – Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan elektr poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish, Miskin – Nukus temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish jarayonlari jadallik bilan olib borilayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin”, - deydi Mirziyoyev.
Prezident bu yil aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish, turizmni rivojlantirish maqsadida Samarqand shahridan Urgutga, Toshkent viloyatidagi Baytqo‘rg‘on stansiyasidan Parkent tumaniga temir yo‘l tarmog‘ini tortib borish ishlari boshlanganini ta’kidlagan. Mirziyoyevga ko‘ra, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha yirik xalqaro loyihaning amalga oshirilayotgani nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa kelajagi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
“Aminmanki, sizlar xalqimizning ana shunday yuksak ishonchidan kuch va ilhom olgan holda, yanada samarali mehnat qilib, soha taraqqiyotini albatta yangi bosqichga olib chiqasiz”, - dedi Mirziyoyev tabrigida.
Prezident tashabbusi bilan 2017-yildan buyon avgust oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekistonda Temir yo‘l transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelmoqda.
