Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish: videoselektorda nimalar belgilandi?
09:50 31.07.2025 (yangilandi: 10:24 31.07.2025)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Hukumatga eksportchi, issiqxonachi va meva-sabzavot yetishtiruvchilar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yib, davlat idoralariga bog‘liq barcha muammolarini aniqlab, joyida hal qilib borish vazifasi qo‘yildi.
TOShKENT, 31-iyul – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Videoselektornoe soveshanie po voprosam uvelicheniya eksporta plodoovoshnoy i prodovolstvennoy produksii
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ta’kidlanishicha, bu yil 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz o‘sib, 1 milliard 326 million dollar bo‘ldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga ko‘paydi.
“Lekin hamma joyda ham imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Masalan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston oziq-ovqat mahsulotlari eksportining sur’ati bo‘yicha boshqa hududlardan ortda qolgan. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga ham yetmagan. 21 ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagan”, - deyiladi xabarda.

Videoselektornoe soveshanie po voprosam uvelicheniya eksporta plodoovoshnoy i prodovolstvennoy produksii
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bu yilgi meva-sabzavot eksportining 80 foizi 5 ta davlatga bo‘lgan. Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston, Qatar kabi talab yuqori o‘lkalarga eksport kam. Xorijdagi elchixona va konsulxonalarning bu boradagi o‘rni sezilmayotgani, savdo maslahatchilarining faoliyati sust ekani qayd etildi.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, qishloq xo‘jaligida samaradorlik va eksportni oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Bu iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishi ekani ta’kidlandi. Shu bois ob-havo va sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tish zarurligi aytildi.

Videoselektornoe soveshanie po voprosam uvelicheniya eksporta plodoovoshnoy i prodovolstvennoy produksii
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Hududlar kesimidagi tahlillar asosida eksport bo‘yicha yangi zaxira va imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Dala chetida eksportbop mahsulotlar, xususan, olchani ko‘paytirish zarurligi aytildi.
Bu yil hududlarda 16 ta zamonaviy qadoq tayyorlash korxonasi ishga tushdi. Yil yakunigacha yana 15 ta korxonani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Videoselektornoe soveshanie po voprosam uvelicheniya eksporta plodoovoshnoy i prodovolstvennoy produksii
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Rivojlangan mamlakatlarda fermerlar dukkakli ekinlarni maxsus kombayn bilan yig‘ishtiradi. Shu bois Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan bunday texnikalarga 15 foizgacha subsidiya beriladigan bo‘ldi. Kredit stavkasining 10 foizdan oshgan qismi ham qoplab beriladi.
Shuningdek, eksportchilar tashishga ortiqcha xarajat qilmasligi uchun bojxona rejimida qayta ishlangan mahsulotni istalgan postdan eksport qilish mumkin bo‘ladi.
“Agrostar” kompaniyalari uchun “in vitro” laboratoriyalari, mazkur tumanlarda saqlash, qadoqlash, saralash va qayta ishlashni o‘z ichiga olgan zamonaviy agromajmualar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Endilikda ichki bozor bilan birga eksportga ham mahsulot yetishtirish majburiyatini olgan, tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda beriladi. Ko‘mir yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga o‘tgan hamda eksport majburiyatini olgan issiqxonalarga ham tabiiy gazga qaytish imkoni beriladi.
Aylanma mablag‘ yetarli bo‘lishi uchun oldindan to‘lov oktabr-mart oylariga 50 foiz qilib belgilanadi. Bunda issiqxonalar gaz korxonalari bilan 1-oktabrgacha shartnoma imzolaydi.
Ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimiga o‘tgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytiriladi. Issiqlik nasoslari texnologiyasi asosida issiqxona tashkil qilganlarga xarajatlarning 20 foizgacha qismi, bu ishlar kredit hisobidan bo‘lsa, kredit stavkasini 4 foizi qoplab beriladi.
Yana bir yangilik – bundan buyon issiqxonalar, toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari stavkasida to‘laydi. 2028-yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.
Soliq qo‘mitasiga issiqxonalardan qisqartirilgan gaz qaysi sohalarga yo‘naltirilgani va ularning samaradorligini tahlil qilish topshirildi. Agar u tarmoqda qo‘shilgan qiymat kam bo‘lsa, gaz issiqxonalarga yo‘naltiriladi.
Ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy ta’siri bilan bog‘liq muammolarni uzil-kesil hal qilish vazifasi qo‘yildi.
Yil yakunigacha 10 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish, 200 ming gektarni lazerli tekislash rejalashtirilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga buning uchun 500 milliard so‘m mablag‘ ajratish, kelasi yil dasturi uchun 2 trillion so‘m resurs shakllantirish topshirildi.
Hukumatga eksportchi, issiqxonachi va meva-sabzavot yetishtiruvchilar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yib, davlat idoralariga bog‘liq barcha muammolarini aniqlab, joyida hal qilib borish vazifasi qo‘yildi.

Videoselektornoe soveshanie po voprosam uvelicheniya eksporta plodoovoshnoy i prodovolstvennoy produksii
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Yig‘ilishda tadbirkorlarning namunali tajribalari ko‘rib chiqildi, mutasaddilarning axboroti eshitildi.
