Jahon tarixini o‘zgartirgan uchrashuv: Potsdam konferensiyasining 80-yilligi
12:32 17.07.2025 (yangilandi: 17:53 17.07.2025)
Obuna bo‘lish
Ikkinchi jahon urushi nihoyasiga yetdi. Dushman mag‘lub bo‘ldi, ammo mustahkam tinchlikka hali uzoq — chegaralar chalkash, shaharlar vayron, ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlar murakkablashmoqda, natsistlar o‘z taqdirini kutmoqda.
Taslim bo‘lgan fashistlar Germaniyasining siyosiy tuzilishini demokratik va tinchlikparvar tizimga o‘zgartirish kerak. Ko‘p sonli muhokama va muzokaralardan so‘ng, urushdan keyingi masalalarga, Berlin chekkasida o‘tkazilgan "Katta uchlik" uchrashuvida nuqta qo‘yildi — bu tarixga Potsdam konferensiyasi sifatida kirdi va mo‘rt tinchlikni qayta tiklash sari uzoq yo‘lni boshlab berdi.
Tashkilot
SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya hukumat rahbarlari uchrashuviga "Terminal" degan maxfiy nom berildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill 1945-yil 11-mayda AQSh prezidenti Garri Trumenga yo‘llagan maktubida uchrashuvni Germaniyaning vayron bo‘lmagan biror shahrida, biroq SSSR harbiy hududidan tashqarida o‘tkazishni taklif etdi. Shu yo‘l bilan ular, shubhasiz, ma’lum darajada psixologik bosimdan foydalanib, o‘z shartlarini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqchi edi.
Qiziq tomoni shundaki, na britaniyaliklar, na amerikaliklar mezbon bo‘lishni xohlashmadi. Oqibatda, Sovet Ittifoqi generalissimusi Iosif Stalin konferensiyani Berlin yaqinida o‘tkazishni taklif qildi, chunki u buni "qulay va siyosiy jihatdan to‘g‘ri qaror" deb hisobladi. Shunday qilib, SSSR XX asrning eng muhim voqealaridan birining tashkilotchisi vazifasini o‘z zimmasiga oldi.
Belgilangan joyda, belgilangan vaqtda
Konferensiya ikki haftadan sal ortiqroq — 17-iyuldan 2-avgustgacha davom etdi. O‘sha paytga kelib, ittifoqchi davlatlar rahbarlari allaqachon Tehron (1943 yil) va Yalta (1945 yil fevral) konferensiyalarida uchrashgan edi. E’tiborli jihati shundaki, o‘shanda ham aynan Sovet Ittifoqi tashkilotchi bo‘lgan edi. O‘sha uchrashuvlarda tomonlar harbiy hamkorlik bo‘yicha kelishib oldilar.
Endi esa urushdan keyingi vaziyatni tartibga solishning aniq yo‘l xaritasini va shart-sharoitlarini yaratish zarur edi.


Sovet delegatsiyasiga Iosif Stalin, Amerika delegatsiyasiga Ruzvelt vafotidan so‘ng Garri Trumen, Angliya delegatsiyasiga dastlab bosh vazir Uinston Cherchill, 28-iyundan keyin esa parlament saylovlarida g‘alaba qozongan Klement Ettli rahbarlik qildi.
Tashqi ishlar vazirlari darajasida Sovet tomonidan SSSR tashqi ishlar vaziri Vacheslav Molotov, AQShdan Jeyms Birns, Buyuk Britaniyadan 25-iyulgacha Entoni Iden, 28-iyuldan boshlab esa Ernest Bevin ishtirok etdi.
Tashqi ishlar vazirlari darajasida Sovet tomonidan SSSR tashqi ishlar vaziri Vacheslav Molotov, AQShdan Jeyms Birns, Buyuk Britaniyadan 25-iyulgacha Entoni Iden, 28-iyuldan boshlab esa Ernest Bevin ishtirok etdi.
Elchilar, diplomatlar, harbiy idoralar rahbarlari, shtab boshliqlari va turli yordamchilarning zimmasiga ham katta mas’uliyat tushdi. Ishtirokchilarning umumiy soni rasman noma’lum edi, biroq turli manbalarga ko‘ra, ularning soni taxminan 500 kishini tashkil etgan. Uinston Cherchillning aytishicha, faqat jurnalistlarning o‘zi 180 ga yaqin bo‘lgan.
Siyosiy muzokaralar
Kun tartibi keng qamrovli edi. Muhokama qilinadigan masalalar ro‘yxatiga Germaniyani demilitarizatsiyasi va denatsifikatsiyasi, Avstriya va Polsha taqdiri, tinchlik shartnomalari tuzish va BMTga a’zolik, vasiylik ostidagi hududlar, chegaralarni belgilash va reparatsiyalarni taqsimlash, harbiy jinoyatchilar ustidan sud, Yaponiyaga qarshi urush, Ruminiya, Bolgariya va Vengriyadagi ittifoqchi nazorat komissiyalari tartib-qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, nemis aholisini Polsha, Chexoslovakiya va Vengriyadan ko‘chirish masalalari kiritilgan edi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan Sovet Ittifoqi marshali Georgiy Jukovning keyinchalik eslashicha, konferensiya ancha qizg‘inlik bilan o‘tgan. Nominal ittifoqchilar, shubhasiz, SSSRga qarshi "do‘stlasha" boshlaganlar.
"Amerika va Angliya tomonlari bu muzokaralarni har tomonlama cho‘zishga harakat qilishdi. I. V. Stalin G. Trumen va U. Cherchill bilan davra suhbatlarida Sovet Ittifoqi va ittifoqchilarning urushda ko‘rgan talafotlari o‘rtasidagi farq haqida, shuningdek, mamlakatimizning tegishli kompensatsiya talab qilish huquqi to‘g‘risida bir qator keskin fikrlarni bildirishiga to‘g‘ri keldi. Konferensiyaning dastlabki kunlari juda keskin vaziyatda o‘tdi. Sovet delegatsiyasi AQSh va Angliya birlashgan jabhasi va oldindan kelishilgan yagona pozitsiyasiga duch keldi", - deya yozgan edi Jukov o‘z xotiralarida.
Muzokaralar yakunida tomonlar bir qator asosiy qarorlarni qabul qildilar.
To‘rt "D" dasturi
Germaniyani tizginlash va yagona harbiy tuzilmaning qayta shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun to‘rtta "D" dasturi qabul qilindi: denatsifikatsiya, demilitarizatsiya, demonopolizatsiya va demokratizatsiya. Germaniya 4 ta ishg‘ol hududga: Sovet, Amerika, Angliya va Fransiya hududlariga bo‘lindi.
Barcha qurolli kuchlar, harbiy-sanoat majmuasi tugatilishi, milliy-sotsialistik partiya va uning tashkilotlari yopilishi, natsistik va militaristik targ‘ibot yo‘q qilinishi ko‘zda tutilgan edi. Sovet tomoni inglizlarning barcha nemis kemalarini cho‘ktirish taklifini qo‘llab-quvvatlamaganidan so‘ng, harbiy-dengiz floti g‘olib davlatlar o‘rtasida taqsimlandi.
Shu bilan birga, tomonlar "nemis xalqini yo‘q qilish va qullikka solish" niyatida emasliklarini ta’kidladilar. Aksincha, mamlakatda o‘zini o‘zi boshqarish organlarini tashkil etish rejalashtirildi, bu esa uch ittifoqchining mamlakatni demokratik asosga o‘tkazish istagini ta’kidladi.
Shuningdek, Oder — G‘arbiy Neyse chizig‘i bo‘ylab Polsha-Germaniya chegarasi belgilandi. Bundan tashqari, SSSR olgan reparatsiyalarning bir qismini Polshaga berish majburiyatini oldi.
"Aytishim kerakki, I. V. Stalin Polsha, Chexoslovakiya, Vengriya va Germaniya xalqi manfaatlariga zarar yetkazadigan masalalarni hal qilishga AQSh va Angliya delegatsiyalarining eng kichik urinishlariga nisbatan ham juda ehtiyotkor edi", — deb xotiralarida yozadi marshal Jukov.
Konigsberg (hozirgi Kaliningrad) shahri qo‘shni hududlari bilan birga Sovet Ittifoqiga o‘tdi.
Nemis aholisi mahalliy aholi uchun "Troya oti" yoki gunoh qurboniga aylanib qolmasligi uchun Polsha, Chexoslovakiya va Vengriyadan ko‘chirib yuborildi.
Natsist jinoyatchilarni Xalqaro tribunalga topshirishga qaror qilindi.
Bundan tashqari, konferensiya yakuniga ko‘ra, tomonlar Tashqi ishlar vazirlari kengashini (TIVK) tashkil etishga kelishib oldilar. Xavfsizlik Kengashi tarkibiga SSSR, AQSh, Angliya, Xitoy va Fransiya tashqi ishlar vazirlarining rahbarlari kirdi. Kengash Italiya, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya va Finlyandiya uchun tinchlik shartnomalarini tayyorlashi, shuningdek, "Germaniya uchun tinchlik yo‘li bilan tartibga solish" masalalarini hal qilishi kerak edi.


Yaponiya nima bo‘ladi?
Konferensiyada AQSh va Angliya Stalindan SSSRning Yaponiyaga qarshi urushda qatnashishini tasdiqlamoqchi edi. Ular uchun Qizil Armiyaning ishtiroki g‘alabaning 100% kafolati edi.
SSSRning o‘z rejasi bor edi. Stalin janubiy Kuril orollari ustidan SSSR suverenitetini qayta o‘rnatishni va 1904-1905 yillardagi rus-yapon urushi davrida Uzoq Sharqni ishg‘ol qilib olganlari uchun yaponlardan o‘ch olishni mo‘ljallagandi.
Shu paytda, AQSh birinchi yadroviy qurolni sinab ko‘rishni rejalashtirayotgan edi...
"O‘z qiymatini oshirishmoqchi" — Sovuq urushning ildizlari
Yangi omil erishilgan tinchlik haqidagi barcha tasavvurlarni o‘zgartirib yubordi. Konferensiyadan keyin Trumen Stalinga "hayratlanarli katta kuchga ega" bomba mavjudligi haqida ishora qildi. Stalin o‘zini nima muhokama qilinayotganinitushunmagandek ko‘rsatdi, bu esa uning reaksiyasini kuzatayotgan odamlarni chalkashtirib yubordi.
AQSh SSSR bilan ayrim "xalqaro muzokaralar"da yadroviy bomba mavjudligidan tazyiq vositasi sifatida foydalanishni rejalashtirgan edi.
Uchrashuvda ishtirok etgan Sovet Ittifoqi marshali Jukov shunday eslaydi:
“...majlisdan qaytgach, Stalin mening huzurimda bo‘lib o‘tgan suhbat haqida Molotovga gapirib berdi. Molotov: “O‘z qiymatini oshirishmoqchi”, - dedi. Stalin kulib yubordi: “Oshiraverishsin. Kurchatov bilan ishimizni tezlashtirish haqida gaplashib olishimiz kerak”. Men gap atom bombasi haqida ketayotganini tushundim.”
“...majlisdan qaytgach, Stalin mening huzurimda bo‘lib o‘tgan suhbat haqida Molotovga gapirib berdi. Molotov: “O‘z qiymatini oshirishmoqchi”, - dedi. Stalin kulib yubordi: “Oshiraverishsin. Kurchatov bilan ishimizni tezlashtirish haqida gaplashib olishimiz kerak”. Men gap atom bombasi haqida ketayotganini tushundim.”
Shunday qilib, Amerikaning "atom shantaji"ga birinchi urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi. Keyinchalik Trumen Yaponiyaga atom bombasini tashlashga buyruq beradi, ammo faqat Potsdamni tark etganidan so‘ng. Vaqt o‘tib, 1945-yil 6 va 9-avgust kunlari AQSh tarixda birinchi marta Yaponiyaning tinch aholisi zich joylashgan shaharlari — Xirosima va Nagasakiga qarshi yadro qurolidan foydalanadi.


Natijalar
Ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlarga darz ketdi, muzokaralar natijalari ziddiyatli bo‘ldi. Shunga qaramay, Ikkinchi jahon urushining sabab va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borildi. O‘sha paytda mamlakatlar o‘rtasida yangi mojarolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun katta umid bog‘langan BMT tuzildi. O‘shanda SSSR konferensiya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar jahon xavfsizligi uchun xalqlarga xizmat qilishiga ishonar va buning uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilar edi.
“Germaniya Demokratik Respublikasiga oxirgi marta 1957-yilda borganman. Yangi, demokratik Germaniyaning ko‘p shaharlari, muassasalari va korxonalarini ko‘zdan kechirib, nemis xalqining ajoyib yutuqlari bilan tanishib, shaxsan amin bo‘ldim: Sovet hukumati va partiya tomonidan urushdan keyin Germaniyada qilingan barcha ishlar to‘g‘ri qilingan va nemis mehnatkashlari uchun ham, xalqlarimiz do‘stligi va sotsializm mamlakatlarining mudofaa qobiliyati ishi uchun ham yaxshi natijalar bergan", — deb yozgan edi marshal Jukov so‘zining oxirida.
