Adliya vazirligi Gulnora Karimovaning mablag‘larini qaytarish jarayoni haqida bayonot berdi

© InstagramGulnara Karimova
Gulnara Karimova - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.09.2022
Obuna bo‘lish
Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolaridan undirilishi lozim bo‘lgan jami aktivlar taqriban 686 million dollarga teng. Hozirgacha taxminan 336 million dollari uzil-kesil musodara qilingan.
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolaridan undirilishi lozim bo‘lgan jami aktivlari taqriban 686 million dollarga teng. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Karimova va u boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolarining aktivlarini musodara qilish bo‘yicha ishlar Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilib, taqriban 336 million dollar uzil-kesil musodara qilingan. Shundan 131 mln dollari O‘zbekistonga qaytishi xal bo‘lgan, 205 mln dollari bo‘yicha esa yakuniy qaror qabul qilinmoqda.
Hozirgi kunda, qo‘shimcha taqriban 350 million dollar miqdoridagi mablag‘larni musodara qilish masalasi Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, 16-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.
Ushbu bitimning tuzilishiga 2-yil davomida O‘zbekiston Adliya vazirligi va vakolatli idoralari hamda Shveysariyaning Tashqi ishlar vazirligi hamda manfaatdor vazirliklari bilan BMT ishtirokidagi samarali hamkorlik, shuningdek, puxta amalga oshirilgan ishlar va bir necha davralardan iborat muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bitim noqonuniy orttirilgan taqriban 131 mln dollariga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi. Xususan, mablag‘larni qaytarish Birlashgan millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” deb nomlangan ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.
Jamg‘arma tegishli funksiya va vakolatlarga ega bo‘lgan o‘zigi xos ma’muriy-tashkiliy tuzilmaga ega. Ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz.
Yuqori darajadagi strategik qo‘mita. Yuqori darajadagi strategik qo‘mita restitutsiya to‘g‘risida siyosiy muloqotni amalga oshiradi, jamg‘armaning tuzilmasi va strategik yo‘nalishlarini belgilaydi va ular ustidan nazoratni amalga oshiradi. Yuqori darajadagi strategik qo‘mitaning tarkibini O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasidan bir nafardan vakil tashkil etadi va u yerda qarorlar to‘liq konsensus asosida qabul qiladi
Boshqaruv qo‘mitasi. Boshqaruv qo‘mitasi jamg‘armaning boshqarish masalalari uchun mas’ul organ hisoblanadi. Qo‘mita jamg‘armaning operatsion faoliyati, shu jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bo‘yicha to‘liq konsensus asosida qarorlar qabul qiladi. Uning tarkibiga O‘zbekiston, Shveysariya va BMTdan bir nafardan vakil kiradi.
Kotibiyat. Kotibiyat BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatorining ofisida joylashgan bo‘lib, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori tomonidan nazorat qilinadi. Kotibiyat Boshqaruv qo‘mitasi va Yuqori darajadagi Strategik qo‘mitani ularning barcha vazifalarining amalga oshirilishini ta’minlaydi va jamg‘armani joriy boshqarishga mas’uldir.
Ma’muriy agent. Ma’muriy agent BMT Taraqqiyot Dasturining Nyu-Yorkdagi Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi ofisidir. U jamg‘armaning o‘tkazilgan mablag‘larini boshqaradi.Boshqaruv qo‘mita tomonidan ma’qullangan loyihalar BMTning ishtirokchi tashkilotlari hamda BMTning ixtisoslashgan agentliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi. Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi milliy va xalqaro fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat bo‘ladi. Kengash jamg‘arma va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlaydi hamda konsultativ rolga ega.
“Umuman olganda, qayd etilgan jamg‘arma mablag‘larni sarflashda korrupsion xavf-xatarlarni oldini olishga, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini ta’minlashga xizmat qiladi. Qaytarilayotgan mablag‘lar pirovardida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi, asosan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini rivojlantirishga ishlatilishi rejalashtirilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Yangiliklar lentasi
0