Kiselov Sputnik xodimlarining Bokuda hibsga olinishini adolatsizlik deb atadi
09:23 01.07.2025 (yangilandi: 12:04 01.07.2025)

© Sputnik / Vitaliy Belousov
/ Obuna bo‘lish
Dmitriy Kiselov: hammasi davlatlararo munosabatlarni yomonlashtirish maqsadida ataylab qilingan qadamga o‘xshaydi.
TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Sputnik Ozarbayjon jurnalistlari bilan sodir bo‘layotgan voqealar adolatsizlik sifatida qabul qilinmoqda, dedi "Rossiya segodnya" media guruhi bosh direktori Dmitriy Kiselov.
"Biz Bokudagi vakolatxonamiz bilan sodir bo‘layotgan voqealarni adolatsizlik sifatida qabul qilamiz. <...> Tahririyatga Ozarbayjon xavfsizlik kuchlari kirib keladi va bo‘linmamiz rahbariyatini "FXX xodimlari" sifatida qo‘llarini qayirib va boshini terrorchilardek egib olib ketadi. Hammasi davlatlararo munosabatlarni yomonlashtirish maqsadida ataylab qilingan qadamga o‘xshaydi”, — dedi u.
Uning qayd etishicha, Bokuda Sputnik Ozarbayjonning jurnalistik faoliyatiga nisbatan hech qanday e’tiroz bo‘lmagan va yo‘q.
Tomonlar Ozarbayjon prezidenti vakili Xalaf Xalafovning 8-aprel kuni Moskvaga tashrifi chog‘ida hukumatlararo bitim tuzish orqali rasmiyatchiliklarni hal qilishga kelishib oldi. Kiselov ushbu muzokaralarda ishtirok etgan, Rossiya delegatsiyasiga TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin boshchilik qilgan. Moskva va Boku Ozarbayjon tomonidan taklif qilingan vaqtinchalik huquqiy tartib bo‘yicha Sputnik Ozarbayjon ishini davom ettirishga kelishib olingan.
Ammo Kavkazorti respublikasi vaqtinchalik tartibni taqdim etmadi.
Sputnik hujjatni kutib va kelishuvlarning bajarilishiga umid qilib ishlashda davom etdi, ammo to‘satdan Ozarbayjon xavfsizlik kuchlari tahririyatga keldi.
"Bu bir paytlar Putin aytganidek, "o‘rta bo‘g‘in o‘z holicha yuribdi" holat ekaniga ishongim keladi. Rossiya va Ozarbayjon yetakchilarining munosabatlari buni nazarda tutmaydi", — deya ta’kidladi Kiselov.
“Sputnik”ning Bokudagi ofisida sodir etilgan "operatsiya":
Dushanba kuni Ozarboyjon IIV nashr ofisida "operatsiya" o‘tkazilishini e’lon qildi.
Agentlik xodimlari aloqaga chiqmadi, ehtimol ularni telefondan mahrum qilishgan.
Politsiya Sputnik ofisiga ish joyida bo‘lmagan OAV xodimlarini ham chaqirdi.
Jurnalistlar orasida Rossiya fuqarolari ham bor.
Ozarbayjon xavfsizlik kuchlari Sputnik Ozarbayjon tahririyati rahbari Igor Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousovni hibsga oldi.
Rossiyalik diplomatlar hibsga olingan jurnalistlar, shuningdek, tahririyat binosidagi muxbirlar oldiga kiritilmadi.
Binoga kirish imkoni yo‘q, Sputnik jurnalistlari bilan muloqot qilishning iloji yo‘q, ko‘chada bir nechta xavfsizlik kuchlari navbatchilik qilmoqda.
Fevral oyida Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Sputnik agentligining respublikadagi faoliyatini to‘xtatish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.
OAV tahririyati Ozarbayjonda ishlashga hech qanday rasmiy taqiq qo‘yilmagani, bu vaqt davomida ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari ishchi guruhlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarni hal qilish bo‘yicha konstruktiv muloqot bo‘lib o‘tgani haqida xabar berdi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi Bokuning nodo‘stona xatti-harakatlari va rossiyalik jurnalistlarning noqonuniy hibsga olinishi sababli Ozarbayjon elchisini chaqirtirdi.
