Eron Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirganini e’lon qildi
11:11 24.06.2025 (yangilandi: 12:02 24.06.2025)
© Getty Images / ContributorPosledstviya udarov Izrailya po Tegeranu

© Getty Images / Contributor
Obuna bo‘lish
Eron TIV rahbari agar Isroil "tajovuz"ni to‘xtatsa, Tehron boshqa zarba bermasligini aytdi.
TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. Eronning "Press TV" telekanali Eronning bir necha raketa zarbalaridan so‘ng Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirganini ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
"O‘t ochishni to‘xtatish boshlandi", — deyiladi xabarda.
Avvalroq Isroil mudofaa kuchlari Eron tomonidan oltita raketa uchirilgani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, telekanal Eron tomonidan to‘rtta raketa zarbasi to‘lqini haqida gapiradi.
Vaziyat bo‘yicha quyidagilar ma’lum:
"Kan" telekanali xabariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tungi yig‘ilishda hukumatga Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot bergan.
24 iyunga o‘tar kechasi AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron 24 soatdan keyin "12 kunlik urushning rasman to‘xtatilishi" bo‘lishi kerak bo‘lgan sulh tuzishga kelishib olganini aytdi.
Tramp Eron va Isroil o‘rtasidagi sulh kuchga kirganini aytib, uni buzmaslikni so‘radi.
Amerikaning "New York Times" gazetasi isroillik harbiylarning ismi oshkor etilmagan vakili Trampning Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotiga izoh berishdan bosh tortganini da’vo qildi.
Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi hozircha o‘t ochishni to‘xtatish yoki harbiy operatsiyalar bo‘yicha hech qanday kelishuv yo‘qligini, biroq agar Isroil mahalliy vaqt bilan soat 4.00 dan kechiktirmay "tajovuz"ni to‘xtatsa, Tehron boshqa zarba bermasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh 22-iyunga o‘tar kechasi Natanz, Fordo va Isfahondagi Eronning uchta yadroviy obyektiga zarba berdi. 23-iyun kuni kechqurun Eron AQShning Islom respublikasiga bergan zarbalariga javoban Qatardagi bazasiga zarbalar berdi. Hujumlardan bir necha soat oldin Tehron Vashingtonni diplomatik kanallar orqali ogohlantirgan.
Qatar Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar va yaradorlar yo‘qligini ma’lum qildi. Mahalliy va xorijiy harbiylar oldindan bazadan evakuatsiya qilingan.
AQSh prezidenti Donald Tramp bayonot e’lon qilib, unda Tehronning javobini "juda zaif" deb atadi, biroq qurbonlardan qochish imkonini bergan zarbalar haqida ogohlantirgani uchun Eronga minnatdorchilik bildirdi.