Rossiya TIV Isroilning Eronga hujumini qoraladi

© Sputnik / Yevgeniy OdinokovZdanie Ministerstva inostrannix del RF v Moskve
Zdanie Ministerstva inostrannix del RF v Moskve - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.06.2025
Obuna bo‘lish
Rossiya TIV: keskinlikning yanada kuchayishi va mintaqaning keng ko‘lamli urushga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tomonlarni vazminlikka chaqiramiz.
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vazirligi Isroilning xalqaro huquq normalarini buzgan holda kuch ishlatish harakatini keskin qoraladi. Bu haqda vazirlikning Isroilning Eron hududiga bergan zarbalari munosabati bilan e’lon qilgan bayonotida ma’lum qilingan.
“Yaqin Sharqdagi keskinlikning xavfli tus olishi munosabati bilan chuqur xavotir bildiramiz. Isroil Davlatining 13-iyunga o‘tar kechasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi va xalqaro huquq normalarini buzgan holda kuch ishlatish harakatini keskin qoralaymiz. BMTga a’zo suveren davlatga, uning fuqarolariga, uyqudagi tinch shaharlarga, yadro-energetika infratuzilmasi obyektlariga asossiz harbiy zarbalar berish mutlaqo nomaqbuldir”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, Isroil hujumlari Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) Boshqaruvchilar kengashi sessiyasi o‘rtasida hamda Eron va AQSh rasmiylari o‘rtasidagi bilvosita aloqalarning navbatdagi bosqichi arafasida sodir bo‘ldi.
“Shunday qilib, qarama-qarshilikni kamaytirish va Eronning tinchlik atomiga nisbatan har qanday shubha va noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishga qaratilgan ko‘p tomonlama sa’y-harakatlar barbod bo‘ldi va ortga surildi. Ko‘rinib turibdiki, G‘arbiy Quddusda keskinlikni yanada kuchaytirish va stavkalarni oshirish foydasiga ongli ravishda tanlov qilingan. Mintaqadagi barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi harbiy avanturalarning halokatli ekanligi haqida bir necha bor ogohlantirildi. Ushbu provokatsiyaning barcha oqibatlari uchun javobgarlik Isroil rahbariyati zimmasiga tushadi”, — deya qayd etilgan xabarda.
XAEA Bosh direktoridan sodir bo‘layotgan voqealarga vazmin va xolis baho berishini, jumladan, Erondagi yadroviy obyektlarga uyushtirilgan hujumlarning ehtimoliy radiologik oqibatlarini sinchkovlik bilan tahlil qilishini kutib qolamiz, deyilgan xabarda.
“Shuningdek, biz XAEA Boshqaruvchilar kengashida Eronga qarshi jazava qo‘zg‘atgan va o‘zlarining siyosiy xohish-istaklari va fobiyalarini qondirish uchun yana bir bor jazo rezolyutsiyasini ilgari surgan G‘arb davlatlari o‘zlarining buzg‘unchi yo‘lining halokatli natijalarini va bu fojia uchun o‘z ayblari ko‘lamini tan olishlariga umid qilamiz. Eronga hujum qilishni rejalashtirgan, ishlab chiqqan va amalga oshirganlar qanday izohlar bilan niqoblanmasin, Eron yadro dasturi atrofida kelishuvga erishish harbiy-kuch bilan hal qilinmaydi va faqat tinch, siyosiy-diplomatik yo‘l bilan amalga oshirilishi mumkinligiga qat’iy ishonamiz. Umid qilamizki, aynan shunday yondashuv oxir-oqibat g‘alaba qozonadi”, — deyilgan bayonot matnida.
Xabarda keskinlikning yanada kuchayishi va mintaqaning keng ko‘lamli urushga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tomonlar vazminlikka chaqirilgan. Shu munosabat bilan AQSh O‘monda Eron bilan Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi raundini o‘tkazishga tayyorligi eslatib o‘tilgan.
Udari Izrailya po Iranu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.06.2025
Isroilning Erondagi obyektlarga zarbalari — nimalar ma’lum?
Yangiliklar lentasi
0