Migrantlar orasida OIV aniqlanayotgan yangi holatlar soni oshgan — Migratsiya agentligi
14:30 10.06.2025 (yangilandi: 14:58 10.06.2025)

© Sputnik / Ilya Pitalev
/ Obuna bo‘lish
Matlab Kuranov: 503 ming uzoq muddat chet elda bo‘lgan fuqarolarning qaytishi prognoz qilinmoqda.
TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. 2025-yil ikkinchi yarim yilligida 503 ming uzoq muddat chet elda bo‘lgan fuqarolarning qaytishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Matlab Kuranov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tayotgan majlisda ma’lum qildi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Matlab Kuranovning qayd etishicha, 2024-yilda jami 5,1 mlnga yaqin fuqarolar OIV-OITSga qarshi tekshiruvdan o‘tkazilgan. Shu bilan birga, uzoq muddatda chet elda bo‘lib qaytgan fuqarolar orasida faqatgina 25 foizi (434 ming nafari) ixtiyoriy ravishda OIV-OITS tekshiruvidan o‘tgan.
“Ular orasidan 1 ming 512 nafar fuqaroda kasallik aniqlangan. Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar orasida 12,7 ming kishi ixtiyoriy tekshiruvdan o‘tgan. Ulardan 81 nafarida OIV aniqlangan. Afsuski, mehnat migrantlari orasida aniqlanayotgan yangi holatlar soni oldingi yilga nisbatan 23,7 foizga oshgan”, — deya qayd etdi Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari.
2025 yil boshidan bugungi kun holatiga ko‘ra, 386 ming fuqaro uzoq muddat chet elda bo‘lib qaytgan.
“2025 yil 2-yarim yilligida 503 ming uzoq muddat chet elda bo‘lgan fuqarolarning qaytishi prognoz qilinmoqda”, — deya qayd etdi Kuranov.
Uning aytishicha, mazkur loyiha bilan O‘zbekisnonning 4 ta qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
“Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi;
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi;
“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi;
“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi.
“Xususan, uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, respublika hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda”, — deyiladi quyi palata matbuot xizmati xabarida.
OIVga majburiy tibbiy tekshiruv quyidagi mablag‘lar hisobidan o‘tkaziladi:
uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddatda chet elda bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolari va respublikada doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun – davlat budjeti mablag‘lari hisobidan;
mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolar uchun – o‘z mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekistondan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining qonunchiligi, unda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish va zarur materiallar bilan ta’minlash majburiyatini xususiy bandlik agentliklarining litsenziya shartlaridan biri etib belgilash ham taklif etilmoqda.