“Yuksak ishonchga doimo munosib bo‘ling” — Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi
10:30 24.05.2025 (yangilandi: 10:35 24.05.2025)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev prinyal delegatsiyu Tureskoy Respubliki vo glave s vitse-prezidentom Djevdetom Yilmazom

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Ta’kidlanishicha, mamlakatdagi 10 mingdan ziyod maktabda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlar sha’niga ezgu tilaklar bildirilmoqda.
TOShKENT, 24-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Qadrli farzandlarim! Avvalo, siz, azizlarni hayotingizdagi bugungi unutilmas quvonchli voqea – maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, yetuklik shahodatnomasini qabul qilib olayotganingiz va mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy muborakbod etaman”, - deyiladi tabrikda.
Ta’kidlanishicha, mamlakatdagi 10 mingdan ziyod maktabda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlar sha’niga ezgu tilaklar bildirilmoqda.
11 ming 500 nafardan ziyod o‘quvchilar maktabni oltin medal bilan, 2 mingdan ortig‘i esa kumush medal bilan bitirmoqda.
“Sizlarning zamonaviy ilm va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillar, IT va innovatsion texnologiyalarni, ijod va tadbirkorlik sohalarini puxta egallashingiz uchun hozirgi kunda 201 ta oliy o‘quv yurti, 598 ta texnikum, ko‘plab monomarkaz va texnoparklar, kutubxonalar, madaniyat, san’at va sport muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda”, - deydi prezident.
Mirziyoyevga ko‘ra, yoshlardan maktab, ustozlar va ota-onalar, butun xalq faqat ezgu ishlar va yorqin natijalar kutadi.
“Ana shunday yuksak ishonchga doimo munosib bo‘ling! Intilish, izlanish va yangilik yaratishdan aslo charchamang! Mustaqil hayot sari ilk qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!”, - deya yakunlangan tabrik.