Xotira va qadrlash kuni hamda G‘alabaning 80-yilligi: Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi
09:40 09.05.2025 (yangilandi: 09:41 09.05.2025)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPochtena pamat Pervogo prezidenta

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Prezident faxriylarni, butun O‘zbekiston xalqini samimiy tabriklab, barchaga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlarga fayzu baraka tiladi.
TOShKENT, 9-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
“Mana shu hayajonli, ayni paytda iztirobli damlarda insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ajdodlarimizni yod etib, ularning yorqin xotirasi oldida ta’zim qilamiz. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda oltinga teng duolari, maslahatlari bilan faol ishtirok etib kelayotgan muhtaram urush va mehnat faxriylariga alohida qutlov va tashakkurlarimizni izhor etamiz”, - deyiladi tabrikda.
Hujjatlarning dalolat berishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan O‘zbekiston aholisining qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
“O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ziyodi uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgani, hech shubhasiz, yurtimiz vakillari tomonidan urush maydonlarida ko‘rsatilgan jasorat va matonatning yuksak amaliy e’tirofidir”, - deydi prezident tabrik so‘zida.
Ta’kidlanishicha, urush olovi ichida qolgan hududlardan O‘zbekistonga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirilgan, qisqa muddatda 280 ta yangi korxona bunyod etilgan.
O‘zbekiston xalqi g‘oyat og‘ir va murakkab sharoitda urush hududlaridan olib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani bag‘riga olib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatgan.
“Bu yil Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 ming AQSh dollari miqdorida, ushbu toifaga tenglashtirilgan shaxslarga 25 million so‘m, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million so‘mdan bir martalik pul mukofotlari va “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” yubiley medallari topshirilgani muhtaram faxriylarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi”, - deyiladi tabrikda.
Prezident faxriylarni, butun O‘zbekiston xalqini samimiy tabriklab, barchaga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlarga fayzu baraka tiladi.