Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Sentralniy bank Uzbekistana
Tashkent. Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.04.2025
Obuna bo‘lish
Markaziy bank: birinchi chorakda yalpi iste’mol va investitsion faollikning oshishi hisobiga iqtisodiy o‘sish 6,8 foizgacha tezlashdi.
TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda shakllangan umumiy va bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichlari inflyatsion jarayonlar va vaziyatning muallaq holatda qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Yalpi talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklarning kuchayib borishi bilan bog‘liq xatarlar pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy, joriy darajasida saqlab qolishni taqozo etmoqda.
“Ushbu qaror inflyatsiya ko‘rsatkichlari va kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga xizmat qiladi”, — deyiladi matbuot xabarida.
Yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi o‘suvchi trendga o‘tib, mart oyida yillik 10,3 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda, bazaviy inflyatsiya ham tezlashishda davom etib, yillik 8,1 foizga yetdi. Bu, o‘z navbatida, narxlarga taklif omillari bilan bir qatorda talab omillari ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatayotganini aks ettirmoqda.
“Yoqilg‘i va energiya ta’minoti yaxshilanishi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishi ta’sirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida pasaygan bo‘lsa-da, joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada qolmoqda”, — deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, 2024-yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi ta’siri II chorak yakunida tugab, umumiy inflyatsiya uchun pasaytiruvchi ta’sirga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, xalqaro savdo sharoitlarining yomonlashishi global iste’mol narxlari bilan bir qatorda ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi va tashqi inflyatsion bosimlarning kuchayishi xavfini oshirmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 7-8 foizlik prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.
Birinchi chorakda yalpi iste’mol va investitsion faollikning oshishi hisobiga iqtisodiy o‘sish 6,8 foizgacha tezlashdi. Transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi hamda kreditlash sur’atlarining tezlashishi ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.
“2025 yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
2025 yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda so‘m almashuv kursining savdo hamkor davlatlar valyuta kurslariga nisbatan barqarorligi fonida real samarali almashuv kursi o‘zining o‘rta muddatli trendi doirasida shakllanmoqda.
Pul-kredit sharoitlari joriy qat’iylik darajasining saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘’tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishini ta’minlab yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi xususiyatga ega bo‘ladi.
“Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14,0 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, — deya aniqlik kiritilgan matbuot xabarida.
Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.
Aytilishicha, may oyida kutilayotgan energiya narxlari erkinlashtirilishining navbatdagi bosqichi inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi ta’sirlaridan kelib chiqqan holda pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 12-iyun kuniga belgilangan.
Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.03.2025
Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foizga oshirdi — ekspert fikri
Yangiliklar lentasi
0