Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foizga oshirdi — ekspert fikri

© Sputnik / Baxrom XatamovSentralniy bank Uzbekistana
Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.03.2025
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Markaziy bank: asosiy stavka 14 foiz etib belgilandi.
TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi o‘z yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi bank regulyatori matbuot xizmati.
“Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishga qaror qildi. Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda ochiqlik va oshkoralik” NNT eksperti Nodira Zikrillayevaning Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qilishicha, Markaziy bankining asosiy stavkasining 14 foizga oshirilgani inflyatsiya jarayonlarini jilovlash va milliy valyuta barqarorligini saqlashning muhim chorasidir.
© SputnikNodira Zikrillayeva, ekspert NNO "Otkritost i prozrachnost v Uzbekistane":
Nodira Zikrillayeva, ekspert NNO Otkritost i prozrachnost v Uzbekistane: - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.03.2025
Nodira Zikrillayeva, ekspert NNO "Otkritost i prozrachnost v Uzbekistane":

"Markaziy bank iqtisodiyotning haddan tashqari qizib ketishining oldini olishga va yangi iqtisodiy tahdidlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ortiqcha kredit faolligini kamaytirishga harakat qilmoqda. Stavkaning oshishi tashqi iqtisodiy muammolarga ham javob beradi, aholi jamg‘armalarini rag‘batlantirish va bank sektoriga investitsiyalarni jalb qilish uchun maydon yaratadi. Natijada, bunday chora-tadbirlar mamlakatning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va uzoq muddatli xavflarni kamaytirishga qaratilgan”, — dedi Nodira Zikrillayeva.

Uning qayd etishicha, Markaziy bankining asosiy stavkasini 14 foizga oshirishning asosiy oqibatlari ko‘p qirrali bo‘ladi.
"Birinchidan, bu kredit narxining oshishiga olib keladi, bu esa korxonalar uchun ham, jismoniy shaxslar uchun ham qarz olishni qimmatlashtiradi. Natijada, investitsiyalar darajasining pasayishi bo‘lishi mumkin, chunki yuqori stavkalar kreditlashni kompaniyalar va aholi uchun kamroq jozibador qiladi. Shuningdek, stavkaning oshishi iste’mol talabini cheklaydi, chunki iste’mol kreditlari jozibador bo‘lib qoladi va bu xarid faolligiga ta’sir qiladi", — deya aniqlik kiritdi ekspert.
Markaziy bankka ko‘ra, yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.
“Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng bo‘ldi”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
So‘nggi oylarda xizmatlar inflyatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon bo‘lmoqda.
Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, o‘zining o‘rta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.
Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlash pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.
“Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi umumiy talabni muvozanatli shakllanishiga va narxlarga oshiruvchi omillar ta’sirini kamaytirishi orqali kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni bo‘yicha umumiy inflyatsiyani 7-8 foizgacha pasayishiga zamin yaratadi.
Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iy shakllantirishni davom ettirishi aytildi.
Shuningdek, iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqiladi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi shu yil 24-aprel kuniga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0