O‘zbekiston xorijlik talabalar uchun “talaba vizasi”ni joriy etmoqchi

© Sputnik / Sergey Patakov
/ Obuna bo‘lish
Andijonda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
TOShKENT, 16 apr — Sputnik. O‘zbekistonga xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun “talaba vizasi” joriy etiladi. Bu haqda Andijon viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hozir namanganlik yoshlar Andijonga qatnab o‘qimoqda.
“Hozir 2 ming nafar namanganlik yoshlar Andijonga qatnab o‘qiyotganini hisobga olib, Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylanadi. Bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqiladi, Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi”, — deyiladi xabarda.
Umuman, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy va Hindistondan kelib o‘qimoqchi bo‘lganlar hisobiga, viloyatda tibbiy ta’lim eksportini yiliga 20 million dollardan oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
"Mutasaddilarga xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun “talaba vizasi” joriy qilish bo‘yicha bir oyda taklif kiritish topshirildi", — deya ta’kidlangan xabarda.
Aytilishicha, shahar markazida “Andijon turmasi” nomi bilan tanilgan 3-son tergov hibsxonasi joylashgan.
“Kundan-kunga shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib turgan vaqtda 100-yil oldin qurilgan bunday “sovuq” binoning markazda bo‘lishi noto‘g‘ri ekani qayd etildi. Shu bois bu obyekt shahar chekkasiga ko‘chirilishi, o‘rnida zamonaviy ko‘ngilochar savdo va servis markazi barpo etilishi belgilandi”, — deyilgan xabarda.
Shuningdek, har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 million dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
“Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda ham xuddi Afg‘oniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqish topshirildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Quyidagilar ma’lum qilindi:
"O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘lini qurish bo‘yicha yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi 1 ming kilometrga qisqaradi, yuk tashish 10 barobar oshadi.
Andijondagi GESlar qurish loyihalariga 40 million dollar ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘lar tadbirkorlarga 3-yil imtiyozli davr bilan 7-yilga 12 foiz stavkada beriladi.
Andijon suv ta’minoti korxonasi hududida 18 megavattli quyosh panellari va 98 ta energiya tejamkor nasoslar o‘rnatiladi.
Xonoboddan o‘tuvchi Qoradaryo ustidagi 150 metrli ko‘prikni rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlanadi va 25 milliard so‘m ajratiladi.
Yangi Andijon massivini Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bog‘lash uchun 56 kilometrlik halqa yo‘li quriladi.
Andijondagi 400 dan ziyod mahallada aholiga tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlari tashkil qilindi.
Andijonda zamonaviy xususiy klinikalar tashkil etish uchun olti oy davomida sotilmagan davlat obyektlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5-yil muddatga ijaraga beriladi, keyinchalik bu obyektlar ularning o‘ziga xususiylashtirib beriladi.
“Prezidentimiz bu tajribani ma’qullab, mutasaddilarga bu yil ushbu tizimni qolgan viloyatlardagi kamida 100 tadan mahallada yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdi”, — deyilgan xabarda.