O‘zbekistonda sil bilan kasallanish darajasi kamaydi
© Depositphotos / BelchonockKashlyayushaya devushka

© Depositphotos / Belchonock
Obuna bo‘lish
Mamlakatda silning turg‘un shaklidan aziyat chekayotgan bemorlarni davolash samaradorligi 91,2 foizdan 95 foizgacha oshirilgan.
TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekistonda sil (tuberkuloz) bilan kasallanish darajasi 2 barobardan ko‘proq kamaydi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Har yili dunyo bo‘ylab 24-mart Butunjahon tuberkulozga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
SSVga ko‘ra, bu yil “Ha! Tuberkulozga barham bera olamiz! Majburiyatlar, investitsiyalar, natijalar” shiori ostida jahonning turli nuqtalari, jumladan, O‘zbekistonda ham targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyevaning qayd etishicha, O‘zbekiston tuberkulozni aniqlash va davolash borasida katta yutuqlarga erishmoqda.
“Avvallari kasallikni laborator usulda aniqlash uchun 3 oygacha vaqt ketardi, Hozir esa yurtimiz bo‘yicha 136 ta gen-molekulyar analizator apparati keltirilib, 97 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Ulardan 40 tasi tumanlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, balg‘am namunalarini tuman (shahar)lardan asosiy laboratoriyalarga o‘z vaqtida olib kelish uchun logistika xizmati yaxshilangan”, — dedi Nargiza Parpiyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt bilan jihozlangan 46 ta ultraportativ rentgen apparati joylarga yetkazib berilgan. Ular yordamida, hatto, og‘ir yotib qolgan bemorlar xonadonigacha borilib, o‘pka va ko‘krak qafasida qanday patologik jarayonlar kechayotganligi tezkor ravishda aniqlanmoqda.
Shuningdek, 14 yoshgacha bo‘lgan xavf guruhiga mansub aholi qatlamida immunodiagnostika usulida, 14 yoshdan kattalarda esa rentgen usulida tuberkulozni aniqlash yo‘lga qo‘yildi va ilk marotaba 10 ta viloyatda "O‘pka salomatligi" mobil brigadalari tashkil etildi.
“Tuberkuloz xastaligi tarqalishining oldini olish uchun yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi. Ayrim sabablarga ko‘ra, vaksina olmagan bolalarda tuberkulin yordamida teri sinamasi o‘tkazilib, keyin emlandi. So‘nggi 22-yilda mamlakatimizda kasallanish darajasi 2 barobardan, o‘lim ko‘rsatkichi esa 10 barobardan ko‘proq kamayishiga erishildi”, — deya aniqlik kiritdi Parpiyeva.
Ta’kidlanishicha, 1-tur sezuvchan tuberkulozga chalingan bemorlarni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazildi. Bu esa JSSTning xastalikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mosdir.
Shuningdek, silning turg‘un shaklidan aziyat chekayotgan bemorlarni davolash samaradorligi 91,2 foizdan 95 foizgacha oshirilib, muolaja muddati 2-yildan 6-9 oyga qisqardi. Aytilishicha, bu — dunyoning juda kam sonli davlatlari erishgan ko‘rsatkich.
Quyidagilar amalga oshirildi:
raqamli texnologiyalar yordamida ambulator davolashning videonazorat usuli butun mamlakat bo‘ylab tatbiq qilindi;
tuberkuloz bilan kasallanishga moyil xavf guruhiga mansub aholi o‘rtasida keng qamrovli skrining tadbirlari o‘tkazildi;
zamonaviy diagnostika usullari ko‘lami kengaytirildi;
bemorlarni davolash uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan sifatli dori vositalari xarid qilindi;
xastalikning oldini olish maqsadida muloqotdagi shaxslar o‘rtasida profilaktik muolajalar olib borildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 10,8 million kishiga tuberkuloz tashxisi qo‘yilgan. Ulardan 1,25 million nafari kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Ekspertlar ko‘rsatkichlar yil sayin oshib borayotgani, qolaversa, xastalikning dorilarga chidamli turlari keng tarqalayotganidan xavotirda.