O‘zbekiston suvdan foydalanish siyosatini o‘zgartirmoqda — tafsilotlar
15:05 17.03.2025 (yangilandi: 10:20 18.03.2025)
© Sputnik / Baxrom XatamovCharvakskoe vodoxranilishe

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Senator: 2030-yilga borib O‘zbekiston suv tanqis bo‘lgan davlatlar qatoriga tushib qolish ehtimoli bor.
TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Senatorlar navbatdagi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullashdi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Senator Anvar Tuychiyevning qayd etishicha, tasdiqlanayotgan Suv kodeksida suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirilgan. Senator o‘z so‘zida suv sohasida mavjud muamollarga ham to‘xtalib o‘tdi.
© Senat Oliy MajlisaAnvar Tuychiyev Predsedatel Komiteta Senata po agrarnim, vodoxozaystvennim voprosam i ekologii

Anvar Tuychiyev Predsedatel Komiteta Senata po agrarnim, vodoxozaystvennim voprosam i ekologii
© Senat Oliy Majlisa
“Mamlakatda olinadigan chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanilib, har gektariga suv sarfi texnologik ilg‘or davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Dunyoda ushbu ko‘rsatgich o‘rtacha 65 foizni tashkil qiladi. Yer osti suvlarining sifati ham hajmi ham tobora pasayib bormoqda”, — dedi senator.
Senatorning so‘zlariga ko‘ra, suvdan foydalanish madaniyati, suvni asrash va undan oqilona foydalanish borasida targ‘ibot ishlari yetarli emasligi natijasida aholi jon boshiga suv sarfi miqdori avvalgi yillarga nisbatan yuqoriligicha saqlanib turibdi.
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekistonda 7 mlrd kub metr suv taqchilligi kuzatilishi, hamda O‘zbekiston suv tanqis bo‘lgan davlatlar qatoriga tushib qolish ehtimoli bor.
“Bu yil qish fasli asosan quruq keldi. Yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatildi. O‘zbekiston hududining katta qismida qish davrida yog‘ingarchilik meyoridan 40 foizdan 70 foizgacha tashkil etdi. Bu o‘z navbatida tog‘li hududlarda qor to‘planishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi kunda tog‘lardagi qor qoplami balandligi meyoridan ancha past bo‘lib, 40-60 foizni tashkil etmoqda”, — deya aniqlik kiritdi Turchiyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda foydalanilayotgan suvning bor yo‘g‘i 15-18 foizi mamlakat hududida shakillanishi hisobga olinsa, suv resurslarini boshqarish, suv siyosatini yuritish masalalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim.
Tasdiqlanayotgan kodeksda suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritilmoqda.
Shuningdek, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari, suvga doir munosabatlarda xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.
“Suv kodeksining qabul qilinishi suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarini samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydi. Soha bo‘yicha davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari bilan bog‘liq masalalar hal qilinadi. Suv yetkazib beruvchilar va iste’molchilarining mas’uliyati ortadi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, hujjatda suv taqchilligi kuchayib borayotgan davrda barcha iqtisodiyot tarmoqlari va atrof muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasi va sug‘oriladigan yerlar holatini yaxshilash kabi masalalar qamrab olingan.
“Suv xo‘jaligini uzoq muddatli rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va texnologik modernizatsiya qilish rag‘batlantiriladi. Qonun xalqaro suv huquqi normalarini milliy suv qonunchiligiga singdirish hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yaxshilashga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan suv sarfi yiliga 64 mlrd metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 mlrd metr kubgacha kamaygan.