O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqildi

© Sputnik / Baxrom XatamovAnsambl Xast-Imam (Xazret Imam) – duxovniy pamatnik Tashkenta
Ansambl Xast-Imam (Xazret Imam) – duxovniy pamatnik Tashkenta  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.02.2025
Obuna bo‘lish
Hujjat 9-fevralgacha umumxalq muhokamasiga qo‘yildi, shundan so‘ng u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat ayni paytda parlament quyi palatasi saytida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan.
Konsepsiya 7 bobdan iborat. Unda vijdon erkinligini ta’minlash jarayonining zamonaviy holati tavsifi, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari, dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uyg‘unligini ta’minlash kabi masalalar joy olgan.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub 2 300 tadan ortiq diniy tashkilot erkin faoliyat yuritmoqda, 130 tadan ziyod millatlar va elatlar vakillari istiqomat qilmoqda.
“Davlat tomonidan 7 tilda ta’lim olish imkoniyati yaratilganligi, 12 tilda teleradiodasturlar efirga uzatilayotganligi, 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilayotganligi, 155 ta milliy madaniy markaz erkin faoliyat yuritayotganligi millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasi hisoblanadi”, — deyilgan hujjat matnida.
Quyidagi qonunga xilof g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda:
qonunlar bilan tartibga solingan ijtimoiy munosabatlarga muayan bir dinga xos qoidalarni joriy etishga bo‘lgan urinishlar;
ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish;
fuqarolik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish;
ijtimoiy axloq normalarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish;
tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan, tovar va xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklash;
ayrim davlat xizmatchilarining dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi hamda jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi.
Qolaversa, axborot makonining globallashuvi natijasida ijtimoiy tarmoqlardan erkin foydalanilishi, yoshlarning migratsiya jarayonlariga keng jalb qilinishi sharoitida radikallashuvga sabab bo‘luvchi omillarni to‘liq nazorat qilish imkoniyati cheklangan.
Bunday holatlar yagona O‘zbekiston xalqi, jamiyat va davlat hamjihatligiga xatar bo‘lib, qonun hujjatlariga rioya etilmasligiga, boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga, fuqarolarning huquqiy tartibotga munosabati salbiy tomonga o‘zgarishiga, vatanparvarlik tuyg‘ulari yemirilishiga, oilaviy nizolarga olib kelishi mumkin.
Diniy sohadagi davlat siyosati prinsiplari aniq belgilanmaganligi uning aholi o‘rtasida turlicha tushunilishiga, dunyoviy davlat asoslarining buzib talqin qilinishiga, jamiyatda ziddiyatli vaziyatlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek ilm-fan va texnologik yutuqlar bilan hisoblashmaslik, ularning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga e’tiborsizlik, zamon bilan hamqadam bo‘lmaslik mamlakatning global raqobat maydonida munosib o‘rin egallash yo‘lidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishni murakkablashtiradi.
“Hozirda jamiyatimizda barqarorlik ta’minlab kelinmoqda, davlat tomonidan fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlari qonun ustuvorligi asosida ishonchli himoya qilinmoqda”, — deyilgan hujjat matnida.
O‘zbekistonning diniy sohadagi davlat siyosati quyidagi asosiy prinsiplarga tayanadi:
qonuniylik;
vijdon erkinligi;
dinning davlatdan ajratilganligi;
tenglik;
erkin fikrlash;
dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish.
Fuqarolar xohlagan dinga e’tiqod qilish, e’tiqodni o‘zgartirish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqidan erkin foydalanadi. Diniy qarashlarni yoki dinga e’tiqod qilmaslikni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqarolarning huquqlarini ularning muayan diniy ta’limotga munosabatiga qarab cheklashga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ustunlik berishga, ularning diniy e’tiqodi mavjud yoki mavjud emasligi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dinning davlatdan ajratilganligi prinsipi diniy tashkilotlar va davlat organlari o‘zaro bir-birining faoliyatiga aralashmasligi, davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini yuklamasligi, diniy tashkilotlarning davlat funksiyalarini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymasligiga oid qoidalarni nazarda tutadi.
Hujjat 9-fevralgacha umumxalq muhokamasiga qo‘yildi, shundan so‘ng u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Glave gosudarstva dolojeno o prinimayemix merax po ukrepleniyu sotsialnoy sredi i razvitiyu religioznogo prosvesheniya. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.11.2024
Mirziyoyev ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bilan tanishdi
Yangiliklar lentasi
0