Yuqori daromadli ekinlar yetishtirish bo‘yicha yangi tashabbuslar: Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi
17:05 30.01.2025 (yangilandi: 17:06 30.01.2025)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaSoveshanie, posvashennoe novoy sisteme virashivaniya doxodnix kultur na priusadebnix zemlyax

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish, ularning hisobini yuritish va moliyalashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Aholi, qayta ishlovchilar va eksportchilarning takliflari o‘rganildi.
Samarqandlik bog‘bonlar uzum ko‘chatini shpalerga o‘tkazish uchun subsidiya berishni so‘ragan. Bunday usulda hosil 2 karra oshadi. Bu qo‘llab-quvvatlanib, har bir shpaler uchun 15 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, mayizni osma usulda quritish uskunalari uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit berilishi aytildi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Tasmasoy mahallasida 875 ta xonadon tomorqasida sitrus meva ko‘chati va limon yetishtirib, har biri yiliga 200 million so‘mgacha daromad olayapti. Sariosiyo va Oltinsoydagi mingdan ziyod xonadonlar ham “handak” va “termos” usulida limon yetishtirish tashabbusini bildirgan.
Yangiyo‘llik dehqonlar ko‘kat urug‘lari yo‘qolib ketgani, sifatli nav yetishmasligini aytgan. Bular bo‘yicha vaziyatni o‘nglash, aholi tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Qayd etilishicha, dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha alohida kengash tuziladi. U aholini o‘qitishdan tortib, urug‘, ko‘chat yetkazish, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga chiqarish zanjirini yaratish bilan tizimli shug‘ullanadi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaSoveshanie, posvashennoe novoy sisteme virashivaniya doxodnix kultur na priusadebnix zemlyax

Soveshanie, posvashennoe novoy sisteme virashivaniya doxodnix kultur na priusadebnix zemlyax
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Mazkur kengash boshqaradigan “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil etiladi. Ushbu xolding tarkibida meva-sabzavotchilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 15 ta kompaniya ochiladi. Ushbu kompaniyalar meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha o‘z brendini yaratgan 15 ta drayver tumanni yangi bosqichga olib chiqib, ularning tajribasini yana 72 ta tumanda ommalashtiradi.
Har bir kompaniyaga budjetdan 20 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Tomorqa kengashida alohida jamg‘arma tashkil qilinib, dastlabki bosqichda 260 milliard so‘m pul va 1,2 trillion so‘mlik kredit portfeli beriladi.
Urug‘chilik institutlari bilan hamkorlik rivojlantiriladi. Tanlab olingan tumanlarda “yashil” issiqxonalar tashkil etilib, namuna qilinadi. Aholi tomorqasida oziq-ovqat yetishtirishni moliyalashtirish uchun qariyb 5 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Jumladan, mahalla va xonadonlarda muzlatkich, qadoqlash, quritish, qayta ishlash omborlari va issiqxonalar qurilib, aholiga 5-yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan tayyor holda beriladi. Tomorqa xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 7-yil muddatga 17,5 foizli imtiyozli kredit ajratiladi. Aholi va dehqonlarning eng namunali loyihalari uchun har yili 20 milliard so‘mlik grantlar e’lon qilinadi. Bunda 500 ta mahalladagi eng zo‘r loyihaga 40 million so‘mdan grant beriladi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaSoveshanie, posvashennoe novoy sisteme virashivaniya doxodnix kultur na priusadebnix zemlyax

Soveshanie, posvashennoe novoy sisteme virashivaniya doxodnix kultur na priusadebnix zemlyax
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Shu bilan birga, mahallada eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yib bergan usta-dehqonlarga 100 million so‘mgacha, qisqa muddatli o‘quv kursini tashkil qilganlarga 5,5 million so‘m subsidiya ajratiladi. Suv ta’minoti og‘ir joylarda yomg‘ir suvini to‘plash va saqlash sig‘imini qurish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash loyihalariga kredit ajratishda garov talab qilinmaydi. Bunda sug‘urta polisining o‘zi yetarli bo‘ladi. Dehqonlarga ortiqcha hujjatlarsiz imtiyozli kredit beriladi.
Tomorqa va dehqon xo‘jaligi yerlari, ularda yetishtirilgan mahsulot hisobini yuritish bo‘yicha ham yangicha tizim bo‘ladi. Buning uchun yil yakunigacha tomorqalar va ekin yerlari alohida tasniflanadi. Ularda nima ekilgani “onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi.
Yerdan samarali foydalanib, bir sotixda 5 million so‘mdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer solig‘ining 90 foizi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Aksincha, tomorqasiga ekin ekmaganlardan yer solig‘i oshirilgan miqdorda undiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatida bo‘sh turgan 3 ming 300 gektar yer tajriba tariqasida yangicha tartibda ijaraga beriladi. Bunda, konturlar 3 gektardan 50 gektargacha yaxlit holda savdoga qo‘yilib, 49-yilga ijaraga beriladi.
Kelgusi yildan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi ham o‘zgaradi. Ijaraga berilgan yerning ball-boniteti oshsa, to‘lanadigan soliq o‘zgarmaydi, aksincha tushib ketsa, soliq stavkasi 3 karra oshadi.
Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 million dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasi qo‘yildi. Bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Chetdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. 2027-yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing mahsulotlari taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaSoveshanie, posvashennoe novoy sisteme virashivaniya doxodnix kultur na priusadebnix zemlyax

Soveshanie, posvashennoe novoy sisteme virashivaniya doxodnix kultur na priusadebnix zemlyax
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Yig‘ilishda davlat rahbari hududlardagi usta dehqonlar va tomorqa egalari bilan muloqot qildi. Ulardan biri – hovlisidagi issiqxonada yiliga 4-marta hosil olib, yuqori daromad topayotgan qoraqalpog‘istonlik Genjimurat Turdimuratov “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rildi.
Mutasaddilar va bank rahbarlari ushbu yangi tashabbuslarni joriy qilish, 1 million 500 ming aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha axborot berdi.