Ipoteka dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar va rejalar: prezident yig‘ilish o‘tkazdi
09:45 24.01.2025 (yangilandi: 09:57 24.01.2025)
© Sputnik / Sputnik / Baxrom XatamovStroitelstvo mnogoetajki

© Sputnik / Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Sohani rag‘batlantirish uchun 2024-yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablag‘ uchun jami 3 trillion so‘m berilgan.
TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ajratilgan yer bo‘yicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘tgan yili O‘zbekistonda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgan. Jumladan, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etilgan.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie

Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Sohani rag‘batlantirish uchun 2024-yilda 59 ming odamga 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablag‘ uchun jami 3 trillion so‘m berilgan. Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Sirdaryoda ayrim loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ba’zi viloyatlarda auksionda sotib olingan o‘nlab yerlarda qurilish boshlanmagan. Aholi va infratuzilmadan uzoq joyda qurilgani uchun 781 ta xonadon sotilmagan.
Davlat rahbari, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishidan noroziligini bildirdi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bu – prezident siyosati. Ular bilan hududlar obod bo‘ladi, madaniyat, ma’rifat, dunyoqarash o‘zgaradi, savdo va xizmatlar ko‘payadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois bu borada yangi tartib belgilandi. Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ajratilgan yer bo‘yicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ko‘pi bilan o‘n besh kunda ekspertizadan o‘tkaziladi.
Bu yil ushbu massivlar infratuzilmasi uchun 1,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi bilan, developerlarga hozirgidan pastroq stavkada 1 milliard dollar aylanma mablag‘ jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ularni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish, uy bitmasdan ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi.
Ishonchli developerlar uchun yana bir imkoniyat: imoratning 50 foizi qurilganda fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipoteka kreditlari uchun ham tatbiq etiladi. Quruvchi tashkilotlar qurilish boshlaganidan yakunlagunicha, lekin ko‘pi bilan 12 oy davomida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Obyekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi.
“Yangi O‘zbekiston” massivi uchun ajratilgan yerning 10 foizi developerlarga tijorat binolari qurish uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Uylarning 1-2-qavatida xususiy bog‘chalar ochish qo‘llab-quvvatlanib, mulk solig‘idan ham ozod etiladi.
Umuman, 2030-yilgacha 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon quriladi.
Ishlarni sifatli tashkillashtirish uchun zamonaviy menejerlardan iborat “O‘z uyim” kompaniyasi tuziladi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.
Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi. Qurilish sifati va nazorati masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Endi bu jarayonlar soddalashtirilishi qayd etildi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie

Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Inshootning loyihaga mosligini Qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Zarur hollarda, boshqa sohadagi mutaxassislarni jalb qiladi. Qurilish davomida zilzilaga bardoshlilikni sinovdan o‘tkazgan laboratoriyaning o‘zi oxirida qo‘shimcha haq olmay xulosa beradi. Binoni foydalanishga topshirishda hozirgi 7 ta idora o‘rniga faqat 2 ta – Qurilish inspeksiyasi va yong‘in xavfsizligining xulosasi yetarli bo‘ladi.
Sohaga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida, bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotiladi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie

Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Joriy yilda mamlakatda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Yangi Toshkentda 15 ming xonadon barpo qilish ko‘zda tutilgan. Bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi. Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.
Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan “uch generatsiya” tizimi orqali bo‘ladi. Buning hisobiga yoz mavsumida elektr sarfi 4 karra qisqaradi. Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaradlash stansiyalari faqat “yashil” texnologiyalar asosida bo‘ladi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie

Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva provel videoselektornoe soveshanie
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Eski uylarni renovatsiya asosida yangilash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bunda yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi. Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.
Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15 trillion 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlang‘ich badaliga budjetdan subsidiya to‘langan holda, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi, ipoteka va renovatsiya loyihalari bo‘yicha axborot berdi.