Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Yangi yil bilan tabrikladi
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev: Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi.
TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Yangi yil bilan tabrikladi.
"Jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tayotgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Buning uchun har qancha shukrona aytsak, arziydi. Mehnatkash xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanmoqda", —dedi prezident bayram tabrigida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilga mamlakatda Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb nom berildi. Asosiy maqsad – inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratishdir.
"Yangi yilda biznes uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi. Xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish ishlarini qat’iy davom ettiramiz. Ijtimoiy sohalar, ish haqi, pensiya va stipendiyalar, nafaqalar miqdorini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Farzandlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport sohalariga e’tibor yanada kuchaytiriladi", — dedi O‘zbekiston yetakchisi o‘z so‘zida.
Qayd etilishicha, faxriylar, xotin-qizlar va yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish, ijtimoiy himoya samarasini oshirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi.
"Muxtasar aytganda, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz. Barchangizni, chet ellardagi vatandoshlarimiz, xorijiy hamkor va do‘stlarimizni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman. Yangi yil har bir inson, har bir oilaga, jonajon yurtimizga katta-katta yutuq va omadlar olib kelsin! Hamma ezgu niyatlarimiz ro‘yobga chiqsin! Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!", — deya qayd etdi Mirziyoyev.