Yangi yil dasturxoni: To‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar
© Sputnik / Natalya SeliverstovaNovogodniy stol
© Sputnik / Natalya Seliverstova
Obuna bo‘lish
SSV: to‘g‘ri ovqatlanish nafaqat bayram kunlari, balki hamma vaqtda birdek muhim.
TOShKENT, 31 dek — Sputnik. Bayram dasturxoniga tortiladigan o‘nlab turdagi yeguliklar, taomlar, pishiriqlar va shirinliklar har qanday odamning ishtahasini qitiqlab, to‘g‘ri ovqatlanish meyoridan chiqarib yuborishi mumkin, deb yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
“Ovqat to‘liq hazm bo‘lmasdan yana taom yeyilsa, hazm jarayoni og‘irlashadi. Jigar, buyrak va oshqozon osti bezi kasalliklari bor kishilarda noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli ushbu xastaliklar kuchayishi ehtimoli yuqori. Sodda qilib aytganda, ovqatga to‘lgan me’daning harakat funksiyasi sustlashadi va oshqozondagi oziq moddalarning shira bilan aralashuvi qiyinlashib, hazm jarayoni izdan chiqadi”, — deyiladi xabarda.
Bu kabi noxush holatlarga barham berish uchun mutaxassislar tomonidan, avvalo, ovqatlanish tartibiga qat’iy rioya etish va kun davomida sabzavotli salatlar, oshko‘klar, ho‘l mevalardan oz-ozdan yeyish tavsiya qilinadi. Negaki, tabiiy mahsulotlar tez hazm bo‘ladi, boz ustiga, ular me’damizga og‘irlik qilmaydi.
Mutaxassislar quyidagilarni ham tavsiya etadi:
birdagina ko‘p ovqat yeb qo‘ymaslikka e’tibor bering;
asosiy ovqatlardan oldin sabzavotli va mevali salatlarni iste’mol qilish durust;
ovqatni ko‘katlar va xom holdagi sabzavotu mevalardan tayyorlangan salatlar bilan qo‘shib iste’mol qilish ham hazm jarayonini meyorlashtiradi;
ora-orada olma sharbatini iching, bu ovqat hazmida foydali;
taom harorati meyorda bo‘lishi kerakligini ham esdan chiqarmang;
ovqatlar oralig‘ida ko‘k choy ichsangiz bo‘ladi, ammo muzdek ichimlikdan tiyilgan yaxshi;
ovqatdan keyin harakatlanish tavsiya etiladi, piyoda sayr qilsangiz yanada yaxshi;
xamirli, yog‘li, qovurilgan ovqatlarda ham meyorni bilish muhim. Ulardan keyin qatiq va qatiqli salatlar va oshko‘klar tanavvul qilsangiz, tezda foydasini ko‘rasiz;
yog‘siz go‘sht yoki parhezbop tovuq go‘shtidan foydalaning;
mevali tort va kaloriyasi past shirinliklardan iste’mol qiling;
taomlarni shu kunning o‘zida tayyorlash katta ahamiyatga ega va bu jarayonda ko‘proq o‘simlik yog‘laridan foydalaning;
sho‘r bodring, tuzlama va konservalardan tiyilsangiz, o‘zingizga foyda;
dudlangan go‘sht mahsulotlari, mayonezli salat va pishiriqlar hamda gazlangan ichimliklardan ortiqcha foydalanmaslik maqsadga muvofiq.
Umuman, to‘g‘ri ovqatlanish nafaqat bayram kunlari, balki hamma vaqtda birdek muhim. Bunga amalga qilganlar bayramni yaxshi kutib oladi va bir umr salomat bo‘ladi.