Endi qamoqqa olingan shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin
© Sputnik / Aleksey FilippovTurma. Arxivnoe foto
© Sputnik / Aleksey Filippov
Obuna bo‘lish
Qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilanmoqda.
TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qamoqqa olingan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tgazishga oid qonun loyihasini muhokama qilishdi, deya xabar berdi quyi palata matbuot xizmati.
Oliy Majlis Qonununchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
“Loyihaga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin unda qiynoqqa solish yoki boshqa holatlar natijasida olingan jarohatlarni, shikastlanishlarni va yaralarni aniqlash maqsadida tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bu jarayonda advokat ham ishtirok etadi. Tibbiy ko‘rik zamonaviy apparatlar yordamida olib boriladi.
“Tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun vaqt belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingandan boshlab 1 soat ichida tibbiy xodim tomonidan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin”, — deya qayd etilgan xabarda.
Fraksiya a’zosi Zuhra Shodiyevaning fikricha, loyihada ko‘rsatilgan vaqt ayrim jarohatlar, masalan, bosh chayqalishi yoki ichki organlardagi o‘zgarishlarni aniqlash uchun kamlik qiladi. U vaqt masalasini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
“Bundan tashqari, tibbiy ko‘rik xulosasini qamoqqa olinganning advokati talabiga asosan taqdim etilishiga oid meyor bo‘yicha ham fikr-mulohzalar bildirildi. Mas’ullar navbatdagi o‘qishga qadar mutaxassislar bilan kelishib, taklifni inobatga oladigan bo‘ldi”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Aytilishicha, rasmiylashtirilgan tibbiy xulosaning birinchi nusxasi ko‘rikdan o‘tkazilgan shaxsga tanishtirilib, uning yig‘majildiga tikiladi. Ikkinchi nusxasi esa qamoqqa olingan shaxsni tibbiy ko‘rikka olib kelgan xodimlarga berilishi belgilanmoqda.
“Agar qamoqqa olingan shaxsning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqida qamoqqa olinganga ma’lum qilinishi va zudlik bilan prokurorga xabar berilishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullandi.