Toshkent ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi
© Sputnik / Baxrom XatamovNovostroyki Tashkenta
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Toshkent va viloyat markazlari bozorda o‘z mavqiyeni saqlab qolmoqda, boshqa hududlarda ham o‘sish bor.
TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Toshkentda ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk faollik darajasi 9,3% ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Toshkent va viloyat markazlari bozorda o‘z mavqiyeni saqlab qolmoqda, boshqa hududlarda ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining biroz o‘zgarishiga qaramay, yillik umumiy o‘sish 6% dan ko‘proqn ko‘rsatdi, bu esa ushbu segmentdagi ijobiy tendensiyalardan dalolat beradi.
“Noyabr oyida ko‘chmas mulk bozori ijobiy tendensiyani saqlab qolishda davom etdi. Savdolar 21,9 ming bitimni tashkil etib, oktabr oyidagi ko‘rsatkichdan 2,5% ga oshdi. Shu bilan birga, yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik 0,8% ga o‘sdi”, — deyiladi xabarda.
Noyabr oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlarining o‘sish dinamikasi O‘zbekistonning turli hududlarida, xususan, Xorazm va Buxoro viloyatlarida mos ravishda 15,6% va 8,4% ga ijobiy tendensiyalarni ko‘rsatmoqda.
“Toshkent mamlakatning poytaxti va eng yirik shahri sifatida ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 30% dan ortig‘ini egalladi, faollik darajasi esa 9,3% ga oshdi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori
Bir oy ichida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmagan holda atigi 0,3% ga o‘sdi, o‘tgan yilga nisbatan 6,2% ga o‘sish qayd etildi.
Yil davomida bozorning ushbu segmentida sezilarli o‘sish Surxondaryo – 18,1%, Buxoro – 11,9% va Qashqadaryo – 10,2% viloyatlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘istonda bo‘lib qolmoqda, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 333 dollarni tashkil etada.
Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi oy davomida atigi 0,2% ga oshib, 1,1 ming dollardan sal ko‘proqni tashkil etdi.
Poytaxtning Bektemir – 4,4%, Yashnobod – 2,4% va Shayxontohur – 2,2% tumanlarida narxlar sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,2% ga oshgan bo‘lsa, Toshkentda shu davrda 1,5% pasayish kuzatildi.
Uy-joy ijara bozori
Noyabr oyida Toshkentdagi ijara bozorida turg‘unlik qayd etildi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi, bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.
“Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7% ga pasaydi. Yil davomida narxlarning eng katta pasayishi Uchtepa – 14,5%, Yashnobod – 14,3% va Yunusobod-13,8% tumanlarida qayd etildi.