Oliy sud saylov jarayonining qonuniy o‘tishiga sabab bo‘lgan omillarni ma’lum qildi
10:42 28.10.2024 (yangilandi: 10:49 28.10.2024)
© Sputnik / Vladimir AlekseyevDosrochnoe golosovanie na viborax prezidenta Uzbekistana v posolstve Uzbekistana v Moskve.
© Sputnik / Vladimir Alekseyev
Obuna bo‘lish
Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonovning saylov yuzasidan brifingi bo‘lib o‘tdi.
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Saylov jarayoni qonun normalariga muvofiq, yuqori saviyada o‘tdi. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 prim 3-moddasida nazarda tutilgan saylov komissiyasi qarorlarini ijro etmaslik huquqbuzarligiga oid 1 ta, 51 prim 5-moddasida nazarda tutilgan saylov oldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzish huquqbuzarligiga oid 1 ta, 51 prim 7-moddasida nazarda tutilgan axborot hamda tashviqot materiallariga qasddan shikast yetkazish huquqbuzarligiga oid yana 2 ta ishlar sudlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Ular yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
“Olingan axborotlarga ko‘ra, respublika sudlariga o‘tkazilayotgan saylov jarayonlari bilan bog‘liq boshqa murojaatlar bo‘lmadi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari boshlanganidan bugungi kunga qadar saylov o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, ularning ishlariga to‘sqinlik qilish, murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayriqonuniy tarzda rad etish, ko‘rib chiqish muddatlarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari sudlarga kelib tushmagan”, — deya qayd etdi u.
Oliy sud raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, saylov jarayoni qonun normalariga muvofiq, yuqori saviyada o‘tganligini e’tirof etish maqsadga muvofiq.
“Bunga quyidagi omillar xizmat qildi: birinchidan, aholining huquqiy ongi oshganligi, ushbu siyosiy jarayon xech kimni befarq qoldirmaganligi, saylov ochiq, shaffof va oshkora o‘tkazilganligi. Ikkinchidan, MSK tomonidan saylov jarayoni qonunchilikka muvofiq tashkil etilib, saylov o‘tkazuvchi komissiyalarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi. Uchinchidan, xar qanday masalada fuqarolar, shuningdek kuzatuvchilar, OAV vakillari bilan tegishli muloqot o‘rnatilib, ularga o‘z vaqtida kerakli tushuntirish va ma’lumotlar berilganligi uchun, oddiy qilib aytganda sudlarga murojaat qilishda o‘rin va zarurat qolmagan deb hisoblaymiz”, — dedi Polvonov.
Eslatib o‘tamiz, 27-oktabr kuni parlament saylovlarida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda parlament saylovlari ilk bor aralash majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi. Saylovlarni o‘tkazish uchun 10 717 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan, ulardan 57 tasi 40 ta davlatda, shu jumladan, 7 tasi Rossiyada. O‘zbekistondagi parlament saylovlarini MDH PAdan 60 nafardan ortiq kuzatuvchi kuzatib bordi.