O‘zbekiston ayrim xorijliklarning mamlakatga kirishini 5-yilga taqiqlamoqchi — ular kimlar?

© Sputnik / Aktan TemirkanovTuristicheskaya politsiya v Samarkande.
Turisticheskaya politsiya v Samarkande. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.06.2024
Obuna bo‘lish
Deputatlar nomaqbul bayonot beradigan xorijliklarning O‘zbekistonga kirishini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga muayan cheklovlar joriy qilinmoqda. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
“Qonun loyihasi hozirgi globallashuv sharoitida O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan kelib chiqadi. Qonun loyihasi bilan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda”, — deyiladi xabarda.
Mazkur shaxslar tomonidan O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.
“Shuningdek, mazkur toifadagi chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5-yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishni taqiqlash taklif etilmoqda”, — deya qayd etilgan xabarda.
Qonun loyihasida mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham nazarda tutilgan.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yangiliklar lentasi
0