Toshkent havosining ifloslanishiga qanday omillar sabab bo‘lmoqda – Ekologiya vazirligi javobi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaMaxallya Xabiba Abdullayeva v Mirzo-Ulugbekskom rayone Tashkenta
Maxallya Xabiba Abdullayeva v Mirzo-Ulugbekskom rayone Tashkenta - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.01.2024
Obuna bo‘lish
Toshkentda atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bunga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda.
TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Ekologiya vazirligi poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga bir nechta omillarni sabab qilib ko‘rsatdi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Aytilishicha, poytaxtda atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotganiga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda. Masalan, daraxtlar va butalarning kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.
“Inspektorlarimiz tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida butun respublika bo‘yicha 2020-yilda 46 mingta daraxt kesish bilan bog‘liq holat aniqlangan. 2023-yilda 41 mingta shunday holat qayd etilgan. Bunda daraxt kesish, ularni shikastlantirish, sug‘ormaslik, parvarish qilmaslik ham hisobga olingan. 2022-yilda 1777 dona qimmatbaho daraxt kesilgan. 2023-yilda bu holat 1097 taga teng bo‘lgan. Bu daraxt kesish holatlari 2022 ga nisbatan 40-50 foizga kamaygan degani”, – dedi Ekologik nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Pirov.
Daraxtlar kesilishi kamayishiga sabab qilib bir nechta omillarni sanab o‘tish mumkin. Birinchidan, jamoatchilik e’tibori va daraxtlarni kesganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani. Hozirgi tartib bo‘yicha 1 metr diametrga ega bo‘lgan bir dona qimmatbaho daraxtni kesganlik uchun 100 million so‘mga yaqin jarima to‘lanadi.
“Vazirlik xodimlari tomonidan olib borilayotgan monitoring natijalariga ko‘ra, 2023-yil bahor mavsumi hamda 2022-yil kuz mavsumida ekilgan ko‘chatlarning 10 millionga yaqini qurigan. Shundan 7,5 millionga yaqini suvsizlik oqibatida qurigan”, – deya qo‘shimcha qildi Ekologiya vazirligi bosh mutaxassisi O‘lmas Sobirov.
Bu kamchiliklarning o‘rnini qoplash maqsadida o‘tgan yilning kuz mavsumida rejadan ortiq ( reja - 85 ming 300 ta daraxt) 92 million daraxt ekildi. Ya’ni reja 108 foizga bajarildi.
Ta’kidlanishicha, shaharda qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Daraxtlar noqonuniy tarzda kesilib, o‘rniga turli binolar qurilmoqda.

“So‘nggi ikki yilda asosan qurilish o‘rniga tushgan daraxtlar kesilyapti. Bu kabi holatlarning 50 foizdan ko‘pi Toshkent shahrida kuzatilyapti. Daraxt kesishdan ayrim tadbirkorlik subyektlari qo‘rqqani yo‘q. Daraxt kesilyapti, o‘rniga turar joylar va boshqa binolar qurilyapti. Qo‘pol qilib aytganda daraxtni jarimasini arzimagan pul bilan to‘lab qutilmoqchi bo‘lishapti. Shu sababli biz yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiya joriy etmoqchimiz, endi daraxt kesganlar 100 barobardan 300 barobargacha qo‘shimcha moliyaviy jarima to‘laydi” – dedi Pirov.

Toshkent shahri ifloslanishiga avtotransport vositalari soni ortib borayotgani ham katta ta’sir qilmoqda.

“2020 yil ma’lumotlariga qaraganda, Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi transport vositalaridan zararli tashlanmalar miqdori 400 ming tonnadan ortiqni tashkil etgan. Bu ko‘rsatgich 2021-yilda 200 ming tonnadan ortiq edi. Bu tendensiya 2023-yilda ham kuzatilgan. Respublika bo‘yicha avtomobillar soni 2021-yilda 3,14 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni to‘rt yarim milliondan ortdi”, – dedi Ekologiya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Bahrom Xolxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda hozirda 700 mingdan ortiq transport vositasi harakatlanmoqda. Kuniga 150 mingdan 300 mingga yaqin transport vositalari Toshkentga kirib, chiqib ketadi. O‘z navbatida yetti mingga yaqin yuk transport vositalari harakati ham bor.
Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga meyoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda. Bular Toshkent shahrida ifloslantiruvchi moddalar yuki ortib ketayotganligiga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023-yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 mln tonnaga yetgan.
Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda.

“2023 yilda ko‘p miqdorda atmosferaga ifloslantiruvchi modda chiqargan va oqava suvlarni zararlantirgan 109 ta korxonani tekshirdik. Bundan tashqari har oyda 2 500 ta korxona monitoring qilib boriladi. Tekshiruvlar natijasida belgilangan meyorlarga rioya qilmagan 10-15 foiz holatlar aniqlanadi”, – dedi Pirov.

Vazirlik salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif qildi:
“Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash;
avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent hududida kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklash;
2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o‘tish uchun (elektro-mobil) imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish;
so‘nggi yillarda avtomobil yo‘llarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;
shaharning diqqatga sazovor markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil qilish;
jamoat transportini to‘liq elektr, gaz-ballon yoqilg‘isi va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini tashkil etish;
barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;
Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlash;
mikroiqlim mo‘’tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etish;
atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatish.
Erkin Abdulaxatov. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.11.2023
Toshkent havosini yaxshilash yo‘li bormi – iqlimshunos bilan suhbat
Yangiliklar lentasi
0