Mirziyoyev: Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi kerak

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu
Shavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.12.2023
Obuna bo‘lish
Davlat rahbari 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirok etdi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu
Shavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.12.2023
Davlat rahbari bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etib o‘tdi. Bu yil ijtimoiy sohaga eng ko‘p – 134 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Bu – 2016-yilga solishtirganda 5,6 barobar ziyod.
Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri O‘zbekistonda ham sezilayotgani qayd etildi.
“Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’rifatparvar bobolar g‘oyalarini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etiladi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu
Shavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.12.2023
Yig‘ilishda davlat rahbari 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyani rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi. Ba’zi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarga qarshi qo‘yish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari afsus bilan qayd etildi. Ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor izchil davom ettiriladi. Bu borada ham tenglik ta’minlanishi, xususan, qiz bolalarning o‘qishi va kasb-hunar egallashi jamiyat rivojida muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Ikkinchidan, madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarda hokimlarning mas’uliyati oshiriladi. Tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari ishga tushiriladi.
“Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, – dedi prezident.
Shu maqsadda, Surxondaryo viloyatida bildirilgan taklif asosida hududlardagi 4 ta sektorga qo‘shimcha ravishda ma’naviyat sektori tashkil etilishi ma’lum qilindi. Ular joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Uchinchidan, teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Unda eng yaxshi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish kabilar nazarda tutiladi. Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi.
To‘rtinchidan, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda 837 ta madaniyat markazining faoliyati juda muhim. Ularda 4 mingga yaqin to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda, 120 mingdan ortiq yoshlar shug‘ullanmoqda. Lekin ayrim markazlar o‘z binosiga ega emas, jami 8 mingta musiqa anjomiga ehtiyoj bor. Bu borada hokimlarga ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, kelgusi yildan har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha dastur qabul qilinib, bunga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Beshinchidan, maqom va baxshichilik san’atini ilmiy asosda o‘rganish va rivojlantirish kuchaytiriladi. Yana bir muhim yangilik – maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi an’analarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi.
Oltinchidan, musiqa va raqs san’ati rivoji qo‘llab-quvvatlanadi. Jumladan, “Bahor” raqs ansambli ilgari Filarmoniya joylashgan mashhur san’at saroyida faoliyat yuritadi. Taniqli ashula va raqs ansambllarining xorijga gastrol safarlari ko‘paytiriladi. Musiqa va raqs san’ati masalalarini ilmiy o‘rganish, sohada ilmiy kadrlarni ko‘paytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar joriy qilinadi. Shuningdek, Toshkent davlat sirki binosi ta’mirdan chiqariladi.
Yettinchidan, xalqaro maydonda o‘zbek madaniy diplomatiyasi kengaytiriladi. Kelgusi yili Toshkentda jahon kreativ iqtisodiyotiga bag‘ishlangan konferensiya, Nukusda esa “Orol madaniyati” xalqaro ilmiy anjumani o‘tkaziladi. Muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinadi. Tarix muzeyi hamda San’at muzeyining yangi binolari barpo etiladi. Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozitsiyasi yangilanadi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital ta’mirlanadi.
Sakkizinchidan, kino sohasi rivojlantiriladi. Bu borada “Tirik tarix” seriyasida Vatanning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb etiladi. Kinoni iqtisodiyot bilan uyg‘un rivojlantirish maqsadida Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida “erkin iqtisodiy kinohududlar” barpo etish vazifasi qo‘yildi. Milliy seriallar bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, ularni g‘oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali darajaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun IT-park kabi erkin iqtisodiy zona – “Cinema park” tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi.
To‘qqizinchidan, tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Jumladan, Markaziy ko‘rgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Badiiy fond hududida zamonaviy galereya binosi quriladi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi. Xattotlik va miniatura san’ati ta’limini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida milliy usulda qog‘oz tayyorlash ustaxonasi tashkil etiladi. Sohada ta’lim sifatini yaxshilash, musiqa va san’at maktablari muallimlarining oyligini oshirish, ushbu maktablarning kommunal xarajatlarini budjetdan qoplash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davlat rahbari o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanishi qayd etildi.
Jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi ko‘paytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5-yilga soliqlardan ozod qilinadi.
Prezident tarjima san’atining ahamiyatiga to‘xtalib, bunday mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi.
Internet adabiyotini rivojlantirish ham muhimligi ta’kidlanib, shu maqsadda adabiyot, kino, tarix, san’at, folklor namunalarini qamrab olgan “O‘zbek madaniyati” portalini yaratish vazifasi qo‘yildi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu
Shavkat Mirziyoyev provel rasshirennoe zasedanie Respublikanskogo soveta po duxovnosti i prosvetitelstvu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.12.2023
Yig‘ilishda shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, soha mutasaddilari o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Yangiliklar lentasi
0