Rossiyaga Kaspiy dengizi orqali: Janubiy transport yo‘lagi istiqbollari

Konteynerlar - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 04.12.2023
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Joriy yilning noyabr oyi boshida Toshkentda ShHTga a’zo davlatlarning Birinchi transport forumi doirasida yangi xalqaro multimodal transport yo‘lagini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Nega Kaspiy dengizi orqali Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Rossiya multimodal transport yo‘lagini yaratish haqida savol tug‘ildi, Janubiy transport kyo‘lagi qanday istiqbollarga ega, qo‘shimcha yo‘lmi yoki Qozog‘iston orqali muqobil yo‘nalishmi – Sputnik O‘zbekiston shu va boshqa savollarni loyihada ishtirok etayotgan mamlakatlarning bir qator ekspertlari bilan muhokama qildi.

Yangi yo‘lakning dolzarbligi

Joriy yilning noyabr oyi boshida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlatlarning birinchi transport forumi doirasida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov, Rossiya Federatsiyasi transport vaziri o‘rinbosari Dmitriy Zverev, Qirg‘iziston transport va kommunikatsiya vaziri Tilek Tekebayev Kaspiy dengizi (Janubiy transport yo‘lagi) orqali Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Rossiya xalqaro multimodal transport yo‘lagini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi.
“Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, yangi transport yo‘lagi g‘oyasi ikki omil – G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi sanksiya va qarshi sanksiya urushlari, natijada Qozog‘iston o‘z hududi bo‘ylab sanksiyalangan mahsulotlarni yetkazib berishga to‘sqinlik qilishi ta’sirida paydo bo‘lgan.
“G‘arb davlatlari bloki va Rossiya o‘rtasidagi gibrid urush natijasida Rossiya Federatsiyasiga “kulrang” importning jiddiy oqimi vujudga keldi. Rossiyaga postsovet mamlakatlari – Gruziya, Armaniston, Markaziy Osiyo davlatlari orqali parallel importning bir qismi sifatida sanksiyalangan mahsulotlarning katta hajmi import qilinadi. Qozog‘iston ma’lum siyosiy va iqtisodiy sharoitlarga ko‘ra G‘arbning sanksiyalar rejimini amalga oshirish talablariga rioya qilish, xususan, sanksiyalangan mahsulotlarning o‘z hududi orqali tranzitini taqiqlash pozitsiyasini qabul qildi”, — dedi Baxtiyor Ergashev Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
Ekspertning fikriga ko‘ra, bu ikki omil ta’siri natijasida Xitoydan Rossiyaga Qozog‘iston orqali tovarlarni qayta eksport qilishda faol ishtirok etayotgan, masalan, Qirg‘izistondagi biznes-jamiyatlar vakillari jiddiy muammolarga duch kela boshlagan. Bu holat ekspertlar, logistlar va transport xodimlari o‘rtasida mavjud vaziyatdan chiqish yo‘lini izlash zarurligini faol muhokama qilish uchun asos bo‘ldi, ta’kidladi ekspert.
“Qozog‘iston orqali sanksiyaga tushgan tovarlarni olib o‘tish juda qiyinlashdi. Avtomobillar chegaradan o‘tkazilmadi, bir necha hafta davomida chegara o‘tkazish punktlarida qolib ketdi, yuklarni rasmiylashtirishda juda katta qiyinchiliklar yuzaga keldi. Bularning barchasi muayan muammolarni keltirib chiqardi va shu bois aylanma transport koridori kerakligi masalasi ko‘tarila boshlandi”, – deya tushuntirdi Ergashev.
Shu bilan birga, ochiq manbalardagi bozor ishtirokchilari Qozog‘iston orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak (Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo‘lagi) temir yo‘l infratuzilmasi haddan tashqari yuklanganligini ham ta’kidlamoqda.
Yuklarni Xitoydan Yevropaga O‘rta yo‘lak bo‘ylab qayta yo‘naltirilishi natijasida yuk tashish hajmi joriy yilning sakkiz oyida (2022 yilning shu davriga nisbatan) 80 foiz oshdi. Ushbu o‘sish, "Bugun bilan ertani birlashtirib" Tbilisi IV Ipak yo‘li forumida ta’kidlanganidek, allaqachon haddan tashqari yuklangan koridor bo‘ylab chegaralarga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.
Bundan tashqari, noyabr oyi boshida Qozog‘istondagi bir qator Rossiya ekspeditorlik kompaniyalariga tranzit temir yo‘l orqali yuk tashuvlari borasida eski shartlar bo‘yicha shartnomalar tuzish rad etildi – avvalgidan 6-7 barobar yuqori tariflar bilan shartnoma tuzish taklif qilindi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatlashgan ekspertlarning qayd etishicha, shu va boshqa jihatlar ham tomonlarni muqobil yo‘nalishlar izlashga, yangi logistika yo‘nalishlarini yaratishga undamoqda.

Muqobil yoki qo‘shimcha yo‘lak?

Trans-Yevroosiyo tashuvlari bo‘yicha xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengash bosh direktori Gennadiy Bessonov ta’kidlaganidek, agar yangi yo‘lakni ko‘rib chiqsak, bu ko‘proq muqobil emas, balki Markaziy Osiyo davlatlarining xususan O‘zbekistonning jadal o‘sayotgan iqtisodiyoti rivojlanishini ta’minlaydigan qo‘shimcha yo‘nalishdir.
“Har qanday qo‘shimcha transport yo‘nalishi doimo u o‘tadigan hududlarni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Yangi yo‘nalishning yaratilishi Rossiya Federatsiyasi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, chunki savdo-iqtisodiy va transport aloqalari o‘zaro chambarchas bog‘liq”, - fikr bildirdi ekspert.
Shu bilan birga, ekspertlarning fikricha, bu yo‘nalish barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘lsa-da, qayta ko‘rilishi kerak bo‘lgan jihatlari mavjud.
“Yo‘nalish murakkab, chunki unda Turkmanboshiga boradigan parom ishga solinadi. Rossiya tomonidan Maxachqal’a orqali kirish temir yo‘l infratuzilmasi taqchilligiga duch keladi, chunki Shimoliy Kavkaz temir yo‘li band va “Shimol-Janub” Dengiz texnik qo‘mitasi Ozarbayjon orqali rivojlanmoqda. Astraxanga kirishda ham ma’lum cheklovlar bor – u yerda hozir faqat bir tomonlama yo‘nalish mavjud. Shuni ta’kidlash kerakki, Rossiyada ushbu yo‘lakni rivojlantirish hozircha ustuvor vazifa emas, lekin u baribir rivojlantiriladi”, - fikr bildirdi “Transport va infratuzilma” ilmiy-tadqiqot markazi prezidenti Pavel Ivankin.
Ekspert, shuningdek, birinchi bosqichda parom qatnovining muntazamligi va mumkin bo‘lgan hajmlarini aniqlash zarurligini, shundan keyingi bosqichdagina asosiy yuk oqimi ustidan nazoratni ta’minlaydigan xizmatni ishlab chiqilishini qo‘shimcha qildi.
So‘rov ishtirokchilari yangi transport yo‘lagi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi sharoitida yo‘nalish bo‘ylab tranzit davlatlarni rivojlantirish istiqbollarini ham ta’kidlamoqda. Shu tariqa, “Oqilona yechimlar” tahliliy markazi direktori Esen Usubaliyevning ta’kidlashicha, sanksiyalar amalda bo‘lgan taqdirda ham, endilikda sanksiyalar ta’siridan tashqarida bo‘lgan davlatlar o‘rtasida iqtisodiy makon shakllanmoqda.
“Ya’ni, bu – yangi savdo-iqtisodiy tizim va yangi iqtisodiy makonning shakllanishi, bu yerda sanksiyalar hech qanday ma’noga ega emas, chunki bu munosabatlar sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamaydigan davlatlar o‘rtasida olib boriladi. Qolaversa, hozirda xalqaro sanksiyalar ozchilikni tashkil etuvchi davlatlar tomonidan qo‘llanmoqda. Dunyoning aksariyat davlatlari siyosiy sabablarga ko‘ra iqtisodiy bosimga qarshi turishi ma’lum”, - deya qo‘shimcha qildi Usubaliyev.
Ayni paytda, loyiha shakllanishi boshlangan va mutaxassislar tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatovning so‘zlariga ko‘ra, yangi yo‘nalish mazkur koridor ishtirokchi davlatlari o‘rtasida multimodal yuk aylanmasining muqobil variantiga aylanadi.
“Hozirda loyiha ishlab chiqish bosqichida. A’zo davlatlar ishtirokida yuk tashish jarayonining tafsilotlari, aniq yo‘nalish, loyiha qaysi yuk turlarini qamrab olishi, qanday tarif siyosati qo‘llanishi kabilarni o‘rganadigan ishchi guruhlar tuziladi”, – deydi Bekzod Xolmatov.

Yangi yo‘nalish ishtirokchi mamlakatlarga nima beradi?

“Infratuzilma mavjud – u allaqachon ishlamoqda. Lekin bu hali ham nozik bir oqim. Uning qanchalik keng va katta oqimga aylanishi – murakkab savol”, – dedi Baxtiyor Ergashev. “Aslida, yuk oqimlari hajmi katta bo‘la olmaydi. Yo‘lak bo‘ylab yuk aylanmasining eng optimistik hisob-kitoblari bilan ham yuk hajmi bir necha yuz ming tonnadan oshib ketishi dargumon. Bu yaqin bir- ikki yil uchun eng optimistik prognozlar. Bu unchalik katta hajm emas, lekin biznes “kulrang” import bilan shug‘ullanadi, chunki u yuqori daromad manbaiga aylandi. Biznes jiddiy daromadga ega, agar siz sanksiya ostidagi mahsulotlarni yetkazib berishga muvaffaq bo‘lsangiz, daromad yuqori bo‘ladi. Shuning uchun biznesni ushbu yo‘nalishlar, koridorlar qiziqtiradi. Agar biznes manfaatdor bo‘lsa, nima deyishlaridan va qanday qarshi turishlaridan qat’i nazar yetkazib berish amalga oshiriladi”.
Ekspertning ta’kidlashicha, sanksiyalar va sanksiyalangan mahsulotlar mavjud ekan, ma’lum tovarlarning yuqori marjali ta’minoti mavjud bo‘ladi va bu yo‘lak istiqbolga ega bo‘ladi.
“Assotsiatsiyamiz ushbu yo‘nalish ustida ish olib bordi, hisob-kitob qildi va yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib ko‘rdi. Bu yo‘lak biz uchun juda muhim va mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega, chunki biz ham O‘zbekiston kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengiz portlariga chiqish imkoniga ega emasmiz. Biz bu yo‘nalishdan yaxshi istiqbollarni kutmoqdamiz”, — dedi Xalqaro yuk tashuvchilar uyushmasi raisi Azamat Jumabekov.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yo‘nalishning ham o‘ziga xos nyuanslari bor, masalan, Turkmaniston orqali tranzit Qirg‘iziston uchun qimmat.
“Yaqin kelajakda Hukumatlararo komissiyalar doirasida biz Turkmaniston tomoni bilan tranzit to‘lovlarini pasaytirish bo‘yicha muzokaralar jarayonida ishtirok etishni rejalashtirmoqdamiz. Agar biz ma’lum kelishuvlarga erishsak, u holda yukning 70% ga yaqinini Janubiy yo‘lak orqali olib o‘tishimiz mumkin bo‘ladi”, - deya qo‘shimcha qildi Jumabekov.
Shuningdek, ekspert yana bir muhim jihatga – yuk mashinalari haydovchilari uchun viza masalasiga alohida urg‘u berdi. Masalan, ekspertlarning fikricha, tranzit vizalar muddati va ularning narxi katta ahamiyatga ega. Narxlar nuqtayi nazaridan, paritet har doim ham kuzatilmaydi.
“Gap shundaki, hozirda hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun topshirish muddati 15 kundan 40 kungacha. Viza esa faqat yarim yilga beriladi. Biz muddatni 6 oydan 12 oyga uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqchimiz. Masalan, agar Turkmanistondan yuk tashuvchilar Qirg‘izistonga 50 dollarga ketsa, Qirg‘izistondan Turkmanistonga bu summa 260-280 dollarni tashkil qiladi”, — dedi Jumabekov.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatlashgan ekspertlar bir ovozdan mazkur yuk tashish jarayoni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ushbu yo‘nalish rivojlanish istiqboliga ega, degan fikrda. Bundan tashqari, uzoq muddatli istiqbolda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l uchastkasi qurib bitkazilgandan so‘ng Janubiy transport koridorida jarayon jadallashib, iqtisodiy va ishbilarmonlik sohasiga jiddiy turtki berishi mumkin, bu esa loyihada ishtirok etayotgan mamlakatlar xalqlari farovonligini oshirishga olib keladi.
Yangiliklar lentasi
0