O‘zbekiston va Hindistonning kiyim-kechak dizayniga ixtisoslashgan OTMlari hamkorlik qiladi

Flag Indii i Uzbekistana
Flag Indii i Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.09.2023
Obuna bo‘lish
Ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolashga kelishib olindi.
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. O‘zbekiston elchixonasi yordamida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati instituti hamda Hindiston Yengil sanoat vazirligi huzuridagi Moda texnologiyalari milliy instituti vakillari o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Onlayn uchrashuvda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yosh yigit-qizlarning zamonaviy talablar darajasida ta’lim olishi uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar, bozorda talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi oliy o‘quv yurtlari faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani, bu sohadagi xalqaro hamkorlik yangi darajaga ko‘tarilgani haqida ma’lumot taqdim etildi.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati instituti birinchi prorektori Ulug‘bek Abdullayev institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘zlab berib, hamkorlikning istiqbolli jihatlariga e’tibor qaratdi. Moda texnologiyalari milliy instituti bilan malakali yosh kadrlarni tarbiyalashda birgalikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar taqdim qilindi.
Moda texnologiyalari milliy instituti o‘quv ishlar bo‘yicha dekani Sudha Dingra mazkur oliy o‘quv maskani to‘qimachilik va moda sanoati uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash sohasida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan, qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Muloqot chog‘ida o‘zbekistonlik talabalar uchun o‘quv kurslari tashkil etish, ta’lim jarayoniga ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar joriy qilish, talaba va o‘qituvchilar almashuv dasturlarini uyushtirish va boshqa tadbirlar haqida o‘zaro fikr almashildi. Ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolashga kelishib olindi.
Moda texnologiyalari milliy instituti 1986-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakat to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini professional kadrlar bilan ta’minlashda yetakchi mavqega ega.
Yangiliklar lentasi
0