Tuman hokimlari hududida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob beradi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.08.2023
Obuna bo‘lish
Prezident hokimlarni narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerakligidan ogohlantirdi.
TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekistonda bundan buyon tuman hokimlari hududida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob beradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Yig‘ilishda davlat rahbari takroriy ekinlar ekilishi holatiga to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, iyul oyida yillik inflyatsiya darajasi 8,9 foizni, oziq-ovqat mahsulotlarida esa 10,7 foizni tashkil qildi. Bu borada kartoshka, piyoz, un va yog‘ mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan arzonlashgani muhim omil bo‘ldi.
Lekin takroriy ekin ekish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagani bois ayrim hududlarda sabzi narxi 52 foizgacha oshgan, pomidor 2 barobar qimmatlagan, bodring narxi 1,7 barobargacha o‘sgan.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha bor-yo‘g‘i 44 ming gektarga kartoshka takroriy ekin sifatida ekilgan.
Yig‘ilishda bundan buyon tuman hokimlari hududida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob berishi ta’kidlandi.
“Shu o‘rinda hokimlarni qat’iy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali ta’minlanishi shart”, - dedi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ikki kunlik tashrif bilan Buxoro viloyatida bo‘lib turibdi. Prezident tashrif davomida sanoat korxonalari va mahallalar hayoti bilan tanishdi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirdi.
Yangiliklar lentasi
0