O‘zbekistonda tarqatish taqiqlangan materiallar ro‘yxati e’lon qilindi

Obuna bo‘lish
Ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan va O‘zbekistonga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan 500 tadan ortiq ijtimoiy sahifalari, saytlar, kitoblar va nashidalar ro‘yxati e’lon qilindi.
TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Oliy sud tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan mamlakatga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxatini (2023 yil 17-may holatiga ko‘ra) e’lon qildi.
1/4
2/4
3/4
4/4
Qayd etilishicha, so‘ngi vaqtlarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlarning mediamarkazlari tomonidan tayyorlangan targ‘ibot materiallari internet tarmoqlarida keng tarqatilmoqda.
“Bu esa, o‘z navbatida, nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi ma’lumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda”, — deyiladi xabarda.
O‘tgan davrlar mobaynida AQShda 68 ta, Rossiyada 47 ta, Buyuk Britaniya 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan. Shuningdek, Rossiyada 5342 ta, Qozog‘istonda 1133 ta, Qirg‘izistonda 167 ta va Tojikistonda 2417 ta radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda ham ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet saytlari, kanallar, profillarni aniqlash va ularni faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur mexanizmga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmog‘idagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanib, Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topiladi.
Shu bilan birga, diniy mazmundagi quyidagi g‘oyalar aks etgan materiallar tegishli qonun hujjatlariga ko‘ra O‘zbekiston hududida tayyorlash va tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeyiga qarab yoki boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoxud o‘zga shaxslar mahsulotlarini obro‘sizlantirish;
O‘zbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;
urush, zo‘ravonlik, terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm va separatizm g‘oyalarini targ‘ib etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborotni tarqatish;
diniy e’tiqodni o‘zgartirishga da’vat qilish;
dindorlarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish yoki kamsitish;
fuqarolarni o‘z konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarmaslikka chaqirish;
davlat, jamoat yoki diniy tashkilotlarning huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilishga undash.
“Kezi kelganda, sizlardan, shubhali diniy mazmundagi audio, video va boshqa turdagi media mahsulotlarni internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalaridan yuklab olmaslik va tarqatmaslikni so‘rab qolamiz", — deyiladi qo‘mita xabarida.
Yangiliklar lentasi
0