Ramazon hayitida sunnat bo‘ladigan amallar
23:00 17.04.2023 (yangilandi: 10:49 19.04.2023)
© Sputnik/Ramiz BaxtiyarovKurban xayit v Tashkente.
© Sputnik/Ramiz Baxtiyarov
Obuna bo‘lish
Muqaddas Ramazon hayiti kunida musulmonlar uchun xos bo‘lgan amallar va odoblar bilan maqolamizda tanishing.
Ramazon hayitiga ham bir necha kun qoldi. Ushbu muqaddas bayram arafasida Sputnik musulmonlar uchun sunnat bo‘lgan amallar haqidagi ma’lumotlarni jamladi.
Ramazon hayiti sunnatlari
Agar Ramazon hayiti bo‘lsa, unda namozga chiqishdan avval biror narsa, shirinliklar yeb olinadi. Chunki Imom Buxoriy hazratlari Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida zikr qilinishicha, payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayitiga xurmo yeb chiqar ekanlar. Ularni toq holda yer ekanlar (ammo Qurbon hayitida bo‘lsa, hech nima yemasdan chiqiladi).
Hayit namozlariga borishda misvok qilib va alohida g‘usl qilib olish. Misvokning barcha namozlar oldidan qilinishi sunnat ekanligi mashhurdir.
Chiroyli, yangi, yuvilgan kiyimlarni kiyish.
Ramazon hayitida namozdan oldin “sadaqai fitr”ni ado etish vojibdir. Ushbu fitr sadaqasini namozdan oldin ado qilsa ham joizdir.
Hayit namoziga erta borish. Ya’ni masjidga erta borib, hayit namoziga shay turish, xutba va ma’ruzalarga quloq tutish savobli amal hisoblanadi.
Hayitga borishda boshqa yo‘ldan, qaytishda esa boshqa yo‘ldan kelishga harakat qilish. Zotan boshqa-boshqa yo‘llardan yurishda, savobning qadamlar hisobiga ko‘payishi, musulmonlarni ko‘rib-so‘rashish, hayitga chiqqaniga guvohlarning ko‘payishi hollari yuz beradi.
Yor-do‘stlarni hayit bilan muborakbod etish. Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi.
Bolalarni xursand qilish. Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, bog‘larga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ramazon hayiti odoblari
Ramazon hayiti — barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kunlar hisoblanadi. Hayit kunlari – ibodat va shukrona kunlari, xursandchilik va shodlik kunlaridir.
Bu dunyo va oxirat yaxshiliklari jamlangan ulug‘ kunlar hisoblanadi. Hayitda sayilgohlarga chiqish, qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bu kundagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib, shodu xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.
Hayit jamiyat a’zolari orasidagi gina-adovatlar va turli ko‘ngilsizliklarni ketkazish hamda ular o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari ezgu amallar kunidir.
Yana shuni yodda tutish lozimki, hayitni – bayram, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O‘tganlarni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoi xayrlar qilish yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta’sir qilmasligi lozim.
Ramazon hayiti qachon bo‘ladi?
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashi Ramazon hayiti sanasini astronomik belgilarga asoslangan holda bayram arafasida (20 aprel kuni) e’lon qiladi.
2023 yilda Ramazon oyining boshlanish sanasi 23-mart kuniga to‘g‘ri kelgan edi. Odatiy hisobga ko‘ra 21-aprel ro‘zaning so‘nggi 30-kuni va 22-aprel Ramazon hayiti kuniga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonda hayit kuni dam olish hisoblanadi va prezidentning alohida qarori bilan e’lon qilinadi.