Laylatul qadr kechasi qachon bo‘ladi — O‘MI ma’lumoti
20:23 11.04.2023 (yangilandi: 12:54 12.04.2023)
© AP Photo / Ebrahim NorooziVeruyushaya. Illyustrativnoe foto
© AP Photo / Ebrahim Noroozi
Obuna bo‘lish
Laylatul qadr – “belgilash kechasi” degan ma’noni anglatadi. Qadr kechasini odatda ro‘zaning 26-kunidan 27-kuniga o‘tar kechasida kutishadi.
TOShKENT, 11 apr - Sputnik. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashi fatvosi bilan 2023-yilda Laylatur qadr tuni 17-aprel o‘tar kechasiga belgilangan.
Arab tilida "Laylatul qadr" – “belgilash kechasi” degan ma’noni anglatadi. Bir so‘z bilan aytganda, Qadr tuni yil davomida qilinadigan turli amallar, hukm topadigan, taqdir belgilanadigan kechadir.
Biroq u qaysi kechada bo‘lishi aniq aytilmagan. Ulamolar hadislarga suyangan holda Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida bo‘lishiga ittifoq bo‘lishgan. Aksar ulamolarning fikriga ko‘ra, Qadr kechasi har Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi va bundan dalolat qiladigan hadislar ko‘p.
Abdulloh Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bir qancha sahobalari Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lishini tushlarida ko‘rishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
"Sizlarning tushlaringiz Laylatul qadr Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekaniga muvofiq keladi, deb o‘ylayman. Kimki Laylatul qadrni kutmoqchi bo‘lsa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutsin!", - dedilar" (Imom Buxoriy rivoyati).
Laylatul qadr kechasining alomatlari:
odatda, qadr kechasida atrofda sokinlik, havoda musaffolik va yorug‘lik hukm suradi. Misli sukunatda yog‘duli oy nur sochib turgandek bo‘ladi;
osmonda yulduzlar uchmaydi, jismlar qaltis harakat qilmaydi, kasalliklar paydo bo‘lmaydi;
havo mo‘’tadil bo‘ladi, juda issiq ham, juda sovuq ham bo‘lmaydi;
ertalab quyosh qizarib, yog‘dusi juda zaif bo‘lib bosh ko‘taradi.
qadr kechasida yomg‘ir-qor yog‘maydi, yog‘sa ham o‘ta mayin va yoqimli bo‘ladi.
daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turadi;
o‘sha tunda farishtalar yerga tushadi va tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi;
shaytonlar chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Laylatul qadr kechasida ado etiladigan amallar
Xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qish tavsiya etiladi. Bu kechada qazo namozlar, nafl va tahajjud namozlarini o‘qigan afzal. Qolaversa, Qur’oni karim tilovati, Allohni ulug‘lab aytiladigan tasbeh, istig‘for va zikrlar, payg‘ambar Muhammad sallollohu alayhi vasallamga bag‘ishlab salovat va durudlar aytish savobligi aytiladi.
Laylatul qadr kechasi o‘qiladigan duo
Oisha roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o‘qishni aytdilar:
"Allohumma innaka a’fuvvun kariymun tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy"
Ma’nosi: "Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin" (Imom Termiziy rivoyati).
Eng muhimi, bu kechani ibodat, zikr, tilovat va boshqa xayrli amallar bilan o‘tkazish lozim.