Hindiston shimolida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tunnel qurilishi tezlashdi — video

Obuna bo‘lish
Pokiston va Xitoy chegarasiga yaqin hududda qurilayotgan strategik tunnel harbiy mashinalar o‘tishi uchun 2024-yilda ochilishi mumkin.
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Hindistonda Ladakh viloyatini Kashmir viloyati bilan bog‘lovchi milliy avtomagistral bo‘ylab qurilayotgan Zojila tunneli harbiy mashinalar uchun 2024-yilda ochilishi mumkin, deb xabar qilmoqda Sputnik India.
Avtomobil transporti va avtomobil yo‘llari vaziri Nitin Gadkari dushanba kuni tunnelning borishini tekshirib ko‘rdi, u qurib bitkazilgandan so‘ng Zojila dovonini kesib o‘tish vaqtini uch soatdan 20 daqiqagacha qisqartirishini aytdi.

"Ushbu tunnel qurilishi bilan Ladakh uchun barcha ob-havo sharoitlarida aloqa mavjud bo‘ladi. Endi Zojila dovonidan o‘tish uchun o‘rtacha yo‘l vaqti ba’zan uch soatni oladi, bu tunnel qurib bitkazilgandan keyin o‘tish vaqti 20 daqiqagacha qisqaradi", - deydi vazir.

Kashmirning Sonmarg shahrini Ladakhdagi Kargil tumani bilan bog‘laydigan 13 kilometr uzunlikdagi tunnel rasman 2026-yilda jamoatchilikka ochilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, mahalliy OAV harbiy mashinalar undan 2024-yilda foydalanishi mumkinligini xabar qildi.
Ladakh — Kashmir milliy avtomagistrali tog‘li hudud orqali o‘tgan bo‘lib, qishda kuchli qor yoqqanda bir necha oy davomida o‘tib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi. Ushbu muammoni hal qilish maqsadida 2017-yilda Himalay tog‘ tizmasining Zojila tunneli qurilishi boshlangan edi.

Ushbu tunnel strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u har qanday ob havo sharoitida Hindiston Qurolli kuchlariga Xitoy va Pokiston chegarasi yaqinida joylashgan Ladakhga tezkor yetib kelishni imkoniyatini yaratadi.

Hindistonning shimoliy chegaralarida Pokiston va Xitoy bilan munosabatlar vaqti-vaqti bilan keskinlashuvini hisobga olganda, ushbu tunnelning harbiy-strategik ahamiyati yanada ortadi.
Taqa shaklida qurilayotgan, ikki qatorli avtomobil yo‘lidan iborat Zojila tunnelida hozirgacha ishlarning deyarli 30 foizi bajarilgan. Dengiz sathidan 3500 metr balandlikda joylashgan tunnelning kengligi 9,5 metr, balandligi 7,5 metrni tashkil qiladi. Tunnel Avstriya yangi metodi (NATM) texnologiyasi bo‘yicha qurilmoqda. Bunda tunnel atrofida joylashgan tog‘ tarkibiga muvofiq mustahkamlanadi, xususan, ichki tomondan beton sepish orqali ham. 2021-yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, tunnel qurilishi umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq.
Yangiliklar lentasi
0