Bosh qonunimiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi – Mirziyoyev
19:43 07.12.2022 (yangilandi: 20:03 07.12.2022)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaV Sayxunabadskom rayone s uchastiyem Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva sostoyalos soveshanie po meram ekonomicheskogo i sotsialnogo razvitiya Sirdarinskoy oblasti.
Obuna bo‘lish
Prezident Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqilishini ta’kidladi.
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30-yillik bayrami bilan mamlakat fuqarolariga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbari xalqning xohish-irodasi bilan tanlab olingan huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib kelayotgan mamlakatning Asosiy qonunining milliy taraqqiyotdagi o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidlagan.
"Dunyo miqyosida “Yangi O‘zbekiston” degan ibora paydo bo‘lib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tibori tobora ortib bormoqda. Barchangiz xabardorsiz, shu kunlarda mamlakatimizda Asosiy qonunimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda. Ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantig‘i, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, muxtasar aytganda, shiddat bilan o‘zgarayotgan davrning o‘zi taqozo etmoqda", - dedi Mirziyoyev.
Shu sababli hozirgi vaqtda “Inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilni Konstitutsiya va qonunlarga, kundalik hayotga chuqur singdirish zarur.
Prezident inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash bu boradagi islohotlar markaziga olib chiqilayotganini alohida urg‘ulagan.
Davlat rahbari ijtimoiy davlat tamoyili, oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, keksa avlod vakillarini, nogironlarni ishonchli himoya qilish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim va ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash, ekologik muvozanatni saqlash, fuqarolik jamiyati institutlari hamda mahallaning huquq va vakolatlarini kengaytirish, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash kabi ko‘plab prinsipial ahamiyatga ega masalalar Asosiy qonunda muhrlab qo‘yilayotganini qayd etgan.
Mirziyoyev turli kasb va ijtimoiy guruhga mansub fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif, fikr va mulohazalar albatta inobatga olinishi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqilishini ta’kidlagan.
"Ayni shu asosda Bosh qonunimiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi" - dedi prezident.
8 dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni sifatida keng nishonlanadi.