Benzin narxini oshirgan “zapravkalar”ga chora ko‘riladi - Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

© Sputnik / Konstantin MixalchevskiyZapravochnaya kolonka
Zapravochnaya kolonka - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.12.2022
Obuna bo‘lish
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxini sun’iy oshirish holatlarini nazoratga oldi - tavsilotlar.
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxini sun’iy oshirish holatlarini nazoratga olib, avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalarini (AYoQSh) ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, respublikaning ayrim hududlaridagi AYoQShlarda AI-80 benzinning chakana narxlari o‘rtacha 6 800 so‘mdan 7 100 so‘mgacha oshganligi kuzatilmoqda.
Birja savdolari natijasiga ko‘ra 5-dekabr kuni AI-80 benzin mahsulotining narxi 1 tn uchun o‘rtacha 8 mln so‘mni tashkil etib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan noyabr oyiga nisbatan 4 foizga oshgan.
Bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan xarid qilingan benzin o‘rtacha 5-10 kundan keyin yuklab jo‘natiladi va sotuvga chiqariladi. Ya’ni, birja savdolarida kuzatilgan narx o‘sishi 10 kundan keyin AYoQShlardagi chakana narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan avtomobil benzini narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, birja savdolariga qo‘yiladigan AI-80 markali benzinning kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 5-dekabr kunidan boshlab birja savdolariga qo‘shimcha 1 ming tonna AI-80 benzini qo‘yilishi ta’minlandi.

Xabarda respublikadagi barcha AYoQShlardan fuqarolarni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilishi evaziga benzinga bo‘lgan talab oshganligi sababli asossiz qo‘shimcha daromad olish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari so‘ralmoqda.

Qo‘mita benzin narxlarini monitoring qilib boradi. Narxlarni sun’iy ravishda oshirish holati aniqlangan taqdirda ushbu subyektlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “AI-80 rusumli benzin yo‘q deb qimmat benzinlarni sotishayotgan ekan” mazmunidagi xabarlar tarqalgan edi. Bu bo‘yicha Energetika vazirligi “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalarida barcha markali avtobenzin yetarli va ularning narxi oshirilmaganini ma’lum qildi.
Yangiliklar lentasi
0