Mirziyoyev: ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot xodimlari orasida qurbonlar bor

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev vistupil s zayavleniyem po situatsii v Karakalpakstane
Shavkat Mirziyoyev vistupil s zayavleniyem po situatsii v Karakalpakstane - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.07.2022
Obuna bo‘lish
Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor - Shavkat Mirziyoyev.
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlat rahbari vatandoshlar va Jo‘qorg‘i Kenges deputatlariga murojaat qildi.
"Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzg‘unchi kuchlar aniq maqsadni ko‘zlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof faoliyatga jalb etmoqda.
Ularning asosiy maqsadi jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat", dedi prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
"Ilgari xabar qilinganidek, bir guruh shaxslar 2022-yil 1-iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.
Ular 2022-yil 2-iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni to‘xtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning ma’muriy markazidagi asosiy ko‘chalarda buzg‘unchi harakatlarni davom ettirdi.
Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi.
Shahar bo‘ylab yurish davomida ular infratuzilma obyektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi. Binolarning oynalarini sindirib, yong‘inlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi.
Ushbu kimsalar son jihatiga ko‘ra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazishdi.
Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor".
“Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022-yil 3-iyuldan 2-avgustga qadar “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish haqida”gi farmonni imzoladim.
Ishonchim komil, ushbu farmon ijrosini ta’minlash davomida ko‘pmillatli Qoraqalpog‘iston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori bo‘lgan tinchlik va barqarorlik, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilindi va umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda. U faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi va takomilga yetkaziladi.
Shundan so‘ng mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘z xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy kuchga ega bo‘ladi.
Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga to‘la mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb g‘urur bilan ayta oladi.
Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpog‘iston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni o‘rganish asosida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpog‘iston faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o‘zgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani ko‘rib chiqadi".
Yangiliklar lentasi
0