O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishga bel bog‘lamoqda – qonun loyihasi

Obuna bo‘lish
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestrini yuritish taklif qilinmoqda.
TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi choralarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Prezident topshirig‘iga asosan Adliya vazirligi ikkita hujjatni muhokamaga qo‘ydi.
“Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni va “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda boshqa qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Loyihalarda:
“Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri”ni yuritish;
2022 yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimini joriy etish;
Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash;
korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
2021–2022 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturini tasdiqlash;
daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;
korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash va boshqa shu kabi korrupsiyaga qarshi keskin choralarni qonunchilikka kiritish nazarda tutilmoqda.
Loyihalar muhokamasi 8-iyulga qadar davom etadi.
Yangiliklar lentasi
0