TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekistonda karshering – avtomobillarni qisqa muddatli ijaraga berish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
2021 yil 10-yanvardan karshering tashkilotlari notarial rasmiylashtirmasdan va ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yo‘lovchilar avtotransporti va mototransport vositalarini 30 kungacha muddatga qisqa muddatli ijaraga berish huquqiga ega bo‘ladi.
Karshering tashkilotlarining avtomototransport vositalari maxsus taniqlik belgiga ega bo‘lishi shart. Avtomototransportlarni qisqa muddatli ijaraga berish bo‘yicha faoliyat Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga kiritiladi.
Shuningdek, avtomototransport vositalarini karshering tashkilotlaridan ijaraga olgan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida mazkur tashkilotlarga “Ma’muriy amaliyot” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan mototransport va velosipedda harakatlanishni taqiqlovchi yo‘l belgilari tanqidiy tahlil qilinib, tegishli harakat yo‘nalishlarida ularni olib tashlash choralari ko‘riladi.
Transport vazirligi mamlakatda velosiped transporti, veloinfratuzilma, veloshering (baykshering) faoliyatini (ijaraga berish) rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.