TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Tojikistonlik jurnalist Viktoriya Petrova va shilqimlik hamda zo‘rlikka qarshi kurashga qaratilgan TellMeSister guruhi tashkilotchisi Yelena Najmetdinova mamlakatda zo‘rlangan bolalar muammosiga e’tibor qaratishdi, deb xabar berdi Sputnik Tojikiston nashri.
Faol ayollar Hisorda yuz bergan ayanchli hodisaga e’tibor qaratdilar.
O‘n ikki yashar qizaloqning nomusi 42 yoshli qarindoshi tomonidan toptalgan.
Qo‘rqib qolgan bola ota-onasiga hech narsa ayta olmagan, ular bu haqda qizning ko‘zi yorishiga bir necha hafta qolganida xabar topganlar.
Faqatgina advokat OAV va huquqni muhofaza qilish organlari e’tiborini ushbu hodisaga qaratganidan so‘ng, ish sudgacha borgan. Ammo bu yerda ham jabrlanganlarni noxush surpriz kutardi: zo‘ravon sud zalidan amnistiya bo‘yicha qo‘yib yuborildi.
Natijada, oiladan hatto qarindoshlari ham voz kechdi, pedofil va zo‘ravon esa belgilangan muddatni o‘tamay (sud tomonidan unga 5-yil qamoq jazosi tayinlangan), odatiy hayot tarzini kechirmoqda.
Adolatsiz hukmdan qattiq norozi bo‘lgan internetdagi tojik segment foydalanuvchilari AdolatBaroiShabnam #SpravedlivostDlyaShabnam #JusticeForShabnam xeshteglari bilan norozilik aksiyasini yo‘lga qo‘ydilar.
Ijtimoiy tarmoqlar shundoq ham qismati og‘ir kelgan qizaloqning hayotini murakkablashtirmaslik maqsadida, uning ismini oshkor qilmay, shunchaki Shabnam deya atamoqdalar.
"Men hozir kimga "minnatdorlik" bildirishim kerakligini bilmayapman - qonunga bildiraymi, sudyaga yoki tizimga? Zo‘ravon va pedofillarga "yashil chiroq" berganlaring uchun rahmat. Endilikda qizlarimiz o‘zlarini xavfsiz his qila olmasliklari uchun rahmat. Qizlarning ota-onalariga ulardan boshqa bolalarni hech kim himoya qilmasligini ko‘rsatib berganlaring uchun rahmat", - deya keskin fikrlarni bildirdi internetda Yelena Najmetdinova.
"Bu voqeani shunchaki unutib yubormaslik lozim. Bu haqda barcha OAV gapirishi kerak, boz ustiga biz harakatsizlikda bo‘lmasligimiz lozim", - deya da’vat qilmoqda Viktoriya Petrova.
Jabrlanuvchilarning advokati yuqori instansiyalarga apellyatsiya bergan. Qizaloqqa jamoatchilik tashkilotlari yordam bermoqda. Odamlarning befarq emasliklari va OAV tomonidan voqeaning oshkor etilishi tufayli bu ish o‘lik nuqtadan siljib, jinoyatchi adolatli jazosini olishiga umid qilamiz, deb yozgan nashr.