TOShKENT, 31 okt - Sputnik. Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida 11 yoshli o‘g‘il bola qishloqdoshi tomonidan zo‘rlangan.
Mudhish hodisa joriy yil iyun oyida sodir bo‘lgan va unga bolaning onasi va qishloqdosh erkak o‘rtasidagi mojaro sabab bo‘lganligi taxmin qilinmoqda. Ayol yolg‘iz ona.
Onaning aytishicha, hodisa yuz berishidan bir oy avval ayol va uning bir qishloqdoshi o‘rtasida maishiy sabablarga ko‘ra, kelishmovchilik yuz bergan. O‘shanda erkak ayolga qarata: "Hali shoshmay tur, bir umr yuzingni yerga qarataman", deya dag‘dag‘a qilgan.
Oradan bir oy o‘tib, dag‘dag‘a qilgan erkakning amaki ukasi - yoshi taxminan 25 yoshlarda bo‘lgan yigit ayolning 3-sinf o‘g‘lini maktab hojatxonasiga sudrab olib kirib, zo‘rlagan.
Bola uyiga yig‘lab kelgach, o‘g‘lining anusi qonab yotganini ko‘rgan ona zudlik bilan kasalxonaga murojaat qilgan. Bolaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ammo u shifoxonada olib qolinmagan.
Ayolning aytishicha, hozirda maktab o‘quvchisi joyida o‘tira olmay qolgan va bir oyog‘i oqsaydi, umurtqa qismi og‘riydi.
Pedofiliyada gumonlanayotgan yigit ustidan sud oktabr oyida bo‘lib o‘tgan. Maktab o‘quvchisini zo‘rlagan yigitni sud 7-yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Jabrdiydaning onasi chiqarilgan hukmdan norozi. Ayol "pedofilga bu muddat kam, u qisqa fursatda qamoqdan chiqib kelsa, bizga yana zulm o‘tkazishi mumkin", degan havotirda.