TOSHKENT, 17 dek — Sputnik. 17 dekabr sanasida keng jamoatchilikning fikrini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 796-son qarori qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori asosida barcha avtomototransport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish talabi bekor qilindi.
Endilikda mazkur talab faqatgina quyidagi 6 ta holat boʻyicha majburiy etib belgilandi:
- transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;
- yoʻlovchilarni tashiyotgan avtobus va yoʻnalishli transport vositalarida;
- bolalar guruhini tashkiliy tashishda;
- xavfli, katta oʻlchamli va ogʻir vaznli yuklarni tashishda;
- mexanik transport vositalarini shatakka olishda;
- mototsikl va mopedlarda.
Ushbu talablar yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlashga, shuningdek, yoʻl harakati ishtirokchilarining hayoti va sogʻligʻini asrashga xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalgi tahrirga asosan kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi haqidagi qoida 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirishi lozim edi.