TOShKENT, 16 dek — Sputnik. 2019-yil 9-aprelda Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalari”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 292-sonli qarori qabul qilingan edi.
Bu qaror bilan esa amaldagi yo‘l harakati qoidalarining “Tashqi yoritish asboblaridan foydalanish” deb nomlangan bobining 138-bandiga o‘zgartish kiritilib, “kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart”ligi belgilab qo‘yilgan edi.
Keyinchalik jamoatchilikning e’tirozlaridan so‘ng, Hukumat qarori bilan mazkur qoidaning amal qilishi 2021 yil 1-yanvarga qadar kechiktirilgan edi.
Shuningdek, bu haqda Hukumatning 2019-yil 4-iyundagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham belgilab qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvardan kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart.
Shuningdek, ushbu muddatdan boshlab shunday tartib joriy etiladi:
- mamlakatda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi;
- respublikaga chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlarining mavjudligi sertifikatsiyadan o‘tkazish uchun majburiy texnik talab sifatida belgilanadi.
1 yanvardan boshlab, kunning yorug‘ vaqtida ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmagan haydovchilar MJtKning 128-moddasi tartibida ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Birinchi marta sodir etilganda 111 500 so‘m, bir yil ichida takror sodir etilsa 223 ming so‘m va 3-marta sodir etilsa 669 ming so‘m jarima solinadi.
Agar 1-yil ichida 3-martadan ko‘p sodir etilsa 892 ming so‘m jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oy muddatga mahrum etishga sabab bo‘lishi mumkin.